Germaniya va O‘zbekiston turizm yo‘nalishi tadbirkorlari ishtirokida muhim tadbir bo‘lib o‘tdi
Kuni kecha Madaniyat va turizm vazirligi hamda Germaniya turistik assotsiatsiyasi (Deutscher Reiseverband e.V. – DRV) bilan hamkorlikda Germaniya va O‘zbekiston turizm sohasi vakillari ishtirokida «Destination forum» xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Madpaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, Germaniya turistik assotsiatsiyasi rasmiylari Norbert Fibig, Klaus Hildebrandt, Klaus Mangold hamda ikki mamlakatning yirik turistik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, Germaniyaning yirik turkompaniyalari yordamida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini G‘arbiy Yevropa bo‘ylab targ‘ib qilish va ushbu qit’adan yurtimizga keluvchi turistlar sonini ko‘paytirish maqsadida joriy yilning 10-17 may kunlari Germaniyaning 80 nafar turistik kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilmoqda.
DRV - Germaniyaning turizm sohasidagi yetakchi assotsiatsiya bo‘lib, u Germaniya turistik bozori daromadining qariyb 90 foizini tashkil etuvchi, xususan, yetakchi turoperatorlar, turistik agentliklar, aviakompaniyalar, temir yo‘l, mehmonxonalar va boshqa sayyohlik biznesi korporatsiyalarini o‘zida birlashtiradi.
Sayohat davomida germaniyalik turoperatorlarni so‘nggi yillarda turizm sohasida olib borilgan islohotlar va yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirib, ular uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari, madaniy meros obektlari, turizm qishloqlari va oilaviy mehmon uylari bo‘ylab info-turlar tashkil etildi.
«Destination forum» davomida germaniyalik va o‘zbekistonlik turizm yo‘nalishi tadbirkorlari ishtirokida «Destination forum» anjumani va B2B uchrashuvlari tashkil etiladi. Shuningdek, Germaniyaning eng yirik sayyohlik agentliklari va turoperatorlariga yevropaliklar uchun O‘zbekistonni ustuvor sayyohlik yo‘nalishi sifatida tanishtirishga qaratilgan taqdimotlar o‘tkazildi.
«O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik ikki davlatning iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu boisdan O‘zbekiston muntazam ravishda Germaniyada tashkil etiladigan jahondagi eng yirik «Ay-Ti-Bi-Berlin» turistik yarmarkasida ishtirok etib, Germaniyaning yetakchi OAV vakillari va turoperatorlari uchun mamlakatimizga press-tur va sayohatlar uyushtirmoqda. Shuningdek, Germaniyada «O‘zbekiston turizm va madaniyati kunlari» o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi», – deb aytib o‘tdi Madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov.
Tadbir davomida Germaniya turistik assotsiatsiyasi a’zolari bilan birgalikda turizm dasturlarini kengaytirish, Germaniyadan keladigan turistlarni qiziqtiradigan yangi turistik marshrutlarni ishlab chiqish va nemis turoperatorlari bilan hamkorlikni faollashtirish, qolaversa, turistik kompaniyalar o‘rtasida shartnomalar tuzish va hamkorlik tarmoqlarini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter