Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya TIV insoniyat istiqboliga tahdid solayotgan muammoga yechim taklif qildi

Germaniya TIV insoniyat istiqboliga tahdid solayotgan muammoga yechim taklif qildi

Germaniya TIV Annalena Berbok.

Foto: Twitter/ GermanyDiplo

Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari dunyo bo‘ylab taraqqiyotga g‘ov bo‘lib, ijtimoiy muvozanatni izdan chiqarmoqda. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Berlin shahrida 11-12 oktyabr kunlari o‘tkazilgan iqlim va xavfsizlik masalalari bo‘yicha anjumandagi nutqida gapirdi.

«Suv toshqini Pokistonning chorak qismini – bu Germaniya hududiga teng maydondir – o‘z domiga olib, o‘n million bolani ehtiyojmand ahvolga soldi. So‘nggi 40 yil ichida kuzatilgan kuchli qurg‘oqchilik Efiopiyada millionlab bolalar, ayollar va erkaklarni ochlik va o‘lim changaliga otdi. Dovul va o‘rmon yong‘inlari AQSh va Yevropada mudhish iz qoldirayotir. Bular – iqlim o‘zgarishining biz so‘nggi oylarda kuzatayotgan ayrim vayronkor oqibatlari, xolos. Iqlim inqirozi tobora zo‘rayib bormoqda», – dedi  Germaniya tashqi ishlar vaziri.

Taassuf bilan qayd etilishicha, iqlim o‘zgarishi insonlar hayotiga zomin bo‘lmoqda, tinchlik izdan chiqib, ziddiyat va ixtiloflar kuchaymoqda. 

«YuNISEF tadqiqotlari toshqinlardan keyin maktabni tark etib ishlashga majbur bo‘layotgan bolalar soni oshayotgani, shuningdek, giyohvandlik moddalari iste’moli va gender zo‘ravonligi kuchayotganini ko‘rsatmoqda. Shu tariqa ayollar haq-huquqi poymol, oilalar, jamoalar, demakki, butun jamiyat parokanda bo‘lmoqda», – dedi Annalena Berbok.

Afrika mintaqasida qurg‘oqchilik oqibatida ishidan ayrilgan erkaklarning terrorchilik guruhlariga qo‘shilib ketishi yoki boshqa hududlarga ko‘chishga majbur bo‘layotgani kuzatilmoqda.

Germaniya bosh diplomatiga ko‘ra, Ukraina hududiga bostirib kirgan Rossiya don eksporti yo‘llarini yopib, xalqaro oziq-ovqat inqirozini yanada chuqurlashtirdi.

Afrika, Yaqin Sharq, Osiyodagi millionlab oilalar farzandlari qornini qanday to‘ydirishni bilmayotir. Bularning bari iqlim inqirozi xalqaro hamjamiyat XXI asrda duch kelayotgan eng asosiy muammo ekanini tasdiqlaydi. Ta’kidlanishicha, Germaniya tashqi ishlar vazirligi shu bois ham iqlim va xavfsizlik masalasini diplomatiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri o‘laroq ko‘rmoqda.

A.Berbokning fikricha, iqlim inqirozi asoratlarini kamaytirish uchun, birinchidan, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli moddalar miqdori qat’iy cheklanishi, ikkinchidan, bu borada barcha davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi talab etiladi. Yashil iqtisodiyot va qayta tiklanadigan energiya sohasini kuchaytirish ham davr talabidir.

«O‘tgan yili BMT Xavfsizlik kengashida iqlim va xavfsizlik bo‘yicha rezolyusiyani 113 davlat qo‘llab-quvvatladi. Pirovardida bu hujjatga faqat bir davlat – Rossiya veto qo‘ydi. Bu esa aksar davlatlar iqlim inqirozi va xavfsizlik bir-biriga chambarchas bog‘liq ekani xususidagi yondashuvda biz bilan hamfikr ekanini ko‘rsatadi», – dedi olmon siyosatchisi.

Notiq, ayni choqda, iqlim inqirozi oqibatlariga qarshi kurashda fan yutuqlaridan foydalanish, tabiiy ofatlarni ilmiy asosda tadqiq etish, ma’lumotlar almashish muhim ahamiyat kasb etishini urg‘ulagan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri mutaraqqiy davlatlardan tortib rivojlanayotgan o‘lkalarga qadar – dunyo hamjamiyatini iqlim inqiroziga qarshi kurashda shunchaki so‘zdan amaliy harakatga o‘tishga undagan.

Darhaqiqat, iqlim o‘zgarishlari hamda nobop ob-havo insoniyat hayotiga yanada kuchli tahdid solmoqda. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkilotining so‘nggi hisobotida ham xavotirli xulosalar ilgari surilgan. Xususan, 2021 yilda dunyo okeanlari sathining ko‘tarilishi, atmosferada zaharli gazlar miqdorining oshishi bo‘yicha aksilrekord qayd etildi. Bularning bari insoniyatning tabiatga salbiy ta’siri kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ko‘ra esa, insoniyatning qariyb teng yarmi iqlim o‘zgarishlari oqibatidagi tahdidlar bilan to‘qnashmoqda.

Ayrim xalqaro ekspertlarning taxminicha, 2050 yilga borib iqlim o‘zgarishlarining global iqtisodiyotga salbiy ta’siri YaIMning 4 foizidan 18 foizigachani tashkil etishi mumkin.

Bularning bari loqaydlikdan izchil va faol harakatga o‘tish vaqti allaqachon kelganini yana bir karra tasdiqlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring