Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya sobiq kansleri mamlakat parlamentini sudga berdi

Germaniya sobiq kansleri mamlakat parlamentini sudga berdi

Foto: AP

Germaniya sobiq kansleri Gerhard Shryoder mamlakat parlamenti – bundestagni sudga berdi. Bir necha oy avval sobiq hukumat boshlig‘i Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan do‘stona munosabatlari sabab imtiyozlardan mahrum qilingan edi.  

Shryoderning advokati Mikael Nagel sobiq kanslerning imtiyozlar, jumladan, bundestagdagi yordamchilar hamda xizmat xonasidan mahrum etilishini qonunga zid deb hisoblaydi. Advokatning qayd etishicha, parlament komissiyasi Shryoderga bu borada o‘z fikrini aytish imkonini ham bermagan. Shunga ko‘ra sobiq kansler bundestag qaroridan norozi bo‘lib Berlin ma’muriy sudiga da’vo arizasi bergan.

Bundestag vakili da’vo arizasi haqida xabarnoma olinmagani sababli holatni izohlay olmasligini bildirgan.

Sotsial-demokratlar partiyasi vakili bo‘lgan G.Shryoder 1998-2005-yillarda kansler vazifasida faoliyat yuritgan. Hukumat boshlig‘i kursisini topshirgach, Rossiyaning energetika shirkatlarida mo‘may maoshli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Xususan, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin ham bir necha oy davomida «Rosneft» direktorlar kengashi rahbari lavozimida ishlashda davom etgan. Bu esa olmon jamoatchiligining kuchli e’tiroziga sabab bo‘lgan.  

Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida sobiq kansler prezident Putin bilan do‘stona munosabatlari hamda Rossiya shirkatlari bilan hamkorlikdan voz kechmayotgani sababli imtiyozlardan ayrildi. «Putinning Germaniyadagi eng yaqin do‘sti» jazo tariqasida bundestagdagi xodimlar byurosi hamda ofisdan mahrum etildi. Ayni choqda, uning pensiyasi hamda qo‘riqchilari saqlab qolingan.

Jamoatchilik bosimi ostida Shryoder joriy yil may oyida «Rosneft» direktorlar kengashi rahbarligidan ketdi. Ammo u Kreml bilan hamon yaqin aloqada ekani G‘arbga xush kelmayapti.

2014-yilda Shryoder Sankt-Peterburgda 70 yillik yubileyini nishonlagan va tantanada shaxsan Putin qatnashgan edi. Rossiya–Ukraina ziddiyati avjiga chiqqan kunlar sobiq kanslerning G‘arb raqib o‘laroq ko‘radigan davlatda yubiley o‘tkazishi Germaniyada keskin e’tirozga sabab bo‘lgan edi.

2018-yili V.Putinning navbatdagi inauguratsiya lavozimida Shryoder ishtirok etgan va Rossiya prezidentining xos a’yonlari qatorida – patriarx Kirill va Dmitriy Medvedev bilan yonma-yon turgan edi. O‘shanda ham olmon matbuoti o‘zini xorijiy davlat rahbarining mulozimi kabi tutayotgan sobiq kanslerni tanqid qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring