Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya prokuraturasi «dizelgeyt» bo‘yicha ayblovni e’lon qildi

Germaniya prokuraturasi «dizelgeyt» bo‘yicha ayblovni e’lon qildi

Foto: «Delo.ua»

Dushanba, 15-aprel kuni Germaniyaning Braunshveyg shahri prokuraturasi «dizel mojarosi» bo‘yicha besh shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinganini xabar berdi. Ular orasida «Volkswagen»da rahbarlik lavozimlarida ishlab kelganlar, jumladan, avtokonsern sobiq rahbari Martin Vinterkorn bor.

Prokuratura press-relizida ko‘rsatilishicha, bu shaxslar «ko‘plab qonun buzishlar», xususan, «firibgarlikning o‘ta og‘ir shaklini sodir etganlik, halol raqobat to‘g‘risidagi qonunni buzish»da ayblanyapti.

Ayblovga ko‘ra, avtokonsernning rahbari 2014-yili o‘nlab million yevroga ishlab chiqilgan «Volkswagen» avtomobillarining dasturiy ta’minoti tutun chiqishi muammosini hal etishga emas, balki dizel mashinalar ajratayotgan zaharli gazlarning asl sababini yashirishga qaratilganidan xabardor bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, «dizelgeyt» sababli AQSh hukumati 2015-yili «Volkswagen»ga Amerika bozoridagi yarim millonta mashinasini qaytarib olish majburiyatini yuklagandi. Shundan so‘ng konsern Qo‘shma Shtatlar bozorida ayrim turdagi mashinalari sotuvini qisman to‘xtatishga majbur bo‘lgandi. Zamonaviy avtosanoatning eng muvaffaqiyatli menejerlardan sanalgan Martin Vinterkorn o‘sha voqealar sabab iste’foga chiqqandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring