Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya O‘zbekistonda «yashil» sanoatni rivojlantirishga 9 million yevro ajratadi

Germaniya O‘zbekistonda «yashil» sanoatni rivojlantirishga 9 million yevro ajratadi

O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida 9 million yevrolik bitim imzolandi. Grant mablag‘i O‘zbekistonda «yashil» sanoatlashtirish bo‘yicha xususiy sektor salohiyatini oshirish hamda iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlashuv loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Ushbu muhim bitim 3 dekabr kuni Dubayda, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining Markaziy Osiyo mintaqaviy dasturlari koordinatori Torsten Brezina tomonidan ma’qullangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yangi loyiha mamlakatimizda barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, ayniqsa, «yashil» sanoatlashtirish va «yashil» iqtisodiyot bo‘yicha davlat va xususiy sektor salohiyatini kuchaytirishga ko‘mak beradi.

Uning doirasida intensiv salohiyatni oshirish, ish joyida o‘qitish, xalqaro aloqalar va bilimlarni uzatish orqali barqaror «yashil» iqtisodiyot va sanoat siyosati ishlab chiqiladi hamda amalga tatbiq etiladi.

Qayd etilishicha, loyiha issiqxona gazlarini o‘lchash va sertifikatlash bo‘yicha ekspert bilimlarini taqdim etadi, shuningdek, O‘zbekistonning SO2 sertifikatlari bilan xalqaro savdoda ishtirok etishi va Yevropa Ittifoqining Transchegaraviy tartibga solish mexanizmiga moslashishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Germaniya «yashil» sanoat, ekologiya, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston ekologiya tizimi rahbariyati hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati o‘rtasida bitim imzolangan. 10 million yevrolik loyiha doirasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi xavflarini boshqarish, kadrlar salohiyatini institutsional rivojlantirish, mintaqada iqlim muammolari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Germaniya ajratgan ko‘p million yevrolik ko‘mak vositasida Orolbo‘yi mintaqasida ham qishloqlarni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, Orol dengizining qurigan tubida biologik xilma-xillikni tiklash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash kabi yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring