Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Georgiy Vitsin: mashhurlik va qashshoqlikdagi hayot

Georgiy Vitsin: mashhurlik va qashshoqlikdagi hayot

Bu iste’dod egasi haqida negadir kam yozilgan. Aytishlaricha, hayotining so‘nggi yillarida Georgiy Vitsin ham xuddi Yevgeniy Morgunov kabi qashshoqlikda kun kechirgan (afsonaviy uchlikdan faqat Yuriy Nikulin yaxshi yashardi). Keksayib qolgan Vitsin kasalligi tufayli ishlamayotgan xotini va maoshi haminqadar bo‘lgan rassom qizi bilan umrguzaronlik qilardi. Ularning uyida oq-qora rangli eski televizor va kitoblar bo‘lib, yuvinish xonasidagi dush ishlamas, oshxonada sovuq suv kelmasdi...

 Otaning vafoti

Georgiy Vitsin 1918-yilning 23-aprelida Petrogradda tavvallud topgan. Onasi Mariya Matveyevna o‘zini har ishga urardi. Uning urushdan og‘ir xastalanib qaytgan eri ko‘p yashamadi: u gaz bilan zaharlangan edi.

Georgiy bolaligida tortinchoq bo‘lgan. U sinfda o‘qituvchilarning qahrli nigohidan qo‘rqib, sinfdoshlarining orqasiga yashirinardi. Shunga qaramay, aktyor bo‘lishga qaror qildi. Uyatchanligini yo‘qotish uchun maktab qoshidagi teatrga qatnadi. Bu foyda berdi. Bo‘lajak aktyor maktabdagi sahna asarida shomon rolini shu qadar qoyilmaqom ijro etdiki, o‘qituvchi unga balet bilan shug‘ullanishni maslahat soldi. Biroq Vitsin maktabdan so‘ng o‘zini teatrga baxshida etdi.

U «Maliy teatr» bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Afsuski, ko‘p o‘tmay, «o‘quv jarayonidagi yengil-yelpi munosabati uchun» bu yerdan haydaldi. Kuz oyida Vitsin yana o‘zini sinab ko‘rdi. Qarangki, birvarakayiga uchta dargohdan sinovdan o‘tdi. Uchta ilmgohdan Vaxtangov bilim yurtini tanlab, 1934-1935-yillarda shu maskanda tahsil oldi.

1936-yili Vitsin mashhur aktyor Nikolay Xmelyov rahbarligidagi teatr studiyasiga qabul qilindi. Tez orada ko‘zga ko‘rinib qoldi. Muxlislar kassadan chipta so‘rashar, agar bugun Vitsin sahnada o‘ynamasligini eshitsalar, qaytib ketishardi.

 Sportchi va «Qo‘rqoq»

Vitsinning kinodagi faoliyatini uch bosqichga bo‘lish mumkin. U turli janrdagi filmlarda rollar o‘ynadi. «Zaxiradagi o‘yinchi»dan (1954) so‘ng yanada tanildi. U suratga tushishdan oldin har kuni stadionda mashq qilardi.

Tomoshabinlar Georgiy Vitsinning tortinchoq, ammo o‘z ishiga astoydil jon kuydiruvchi qahramonini yoqtirib qolishgandi. 1956-yili «U sizni sevadi» ekranlarga chiqdi. Mazkur filmda Vitsin suv chang‘isidagi tryukni o‘zi bajargan.

Uning bir qadar ko‘rimsiz, biroq ko‘ngilchan qahramonlari tomoshabinlar qalbidan joy olardi. Vitsin detektiv, tarixiy, lirik filmlarda ham suratga tusha boshladi.

Georgiy Vitsin faoliyatining ikkinchi bosqichi «Qo‘rqoq» bilan bog‘liq. Uning Tullak – Yevgeniy Morgunov va Valakisalang – Yuriy Nikulin bilan ittifoqi ulkan muvaffaqiyat qozondi. Qo‘rqoq roli «Barbos laqabli kuchuk va antiqa kross» (1961), «Samogonchilar» (1961), «I» operatsiyasi...» (1965), «Kavkaz asirasi» (1966), «Yetti qariya va bir qiz» filmlarida gavdalandi. Vitsinning keyingi barcha qahramonlari – tomoshabinlar nazarida – ana shu qiyofadan uzoqlashmagan.

 Nikulin pand berdi

Aktyorning «Omadli jentlmenlar» filmida jinoyatchi rolini o‘ynagani kutilmagan hol bo‘ldi (1971). Vitsinning bo‘g‘iq ovozli qahramoni avvalgi obrazlaridan keskin farq qilardi. Ammo uning bunday rollari juda kam. Yuzga yaqin rollari borki, biz Vitsinning qahramonlari ustidan kulamiz.

Aktyor yangi-yangi qiyofalar yarata olardi. U qirq sakkiz yoshida yigirma yoshli Misha Balzaminovni, o‘ttiz yetti yoshida o‘n sakkiz yashar Vasya Vesnushkinni o‘ynadi. O‘ttiz olti yoshida esa keksa chol rolini ijro etib, rejissyorlarni lol qoldirdi. Bu faoliyatining uchinchi bosqichi edi.

Georgiy Vitsin «Qo‘rqoq» niqobini so‘nggi marta Yuriy Kushneryovning «O‘tgan kunlar komediyasi» filmida taqdi. Kushneryov «12 stul» qahramonlari ijrochilari Archilom Gomiashvili va Sergey Filippov bilan birgalikda suratga olmoqchi edi. Ammo... Nikulin shu onning o‘zidayoq loyihada ishtirok etishni rad etdi. Qolgan «qoyilmaqom to‘rtlik» bor kuchini ishga solsa-da, bundan hech vaqo chiqmadi.

Vitsin kinodagi so‘nggi rolini «Xagi-Tragger» (1994) filmida o‘ynadi. U multfilmlarga ovoz berishda ham qatnashgan. O‘zining qo‘g‘irchoq va chizilgan qahramonlariga Stanislavskiy tizimi bo‘yicha yondashardi. Juzeppe («Buratinoning sarguzashti»), musiqachi qo‘ng‘iz («Dyumovochka») va boshqa ko‘plab qahramonlar Vitsin ovozi bilan gapirishgan.

 Xotini Michurinning karindoshi

Georgiy Mixaylovichning xotini mashhur olim Michurinning qarindoshi edi. Qizi Natasha esa, yuqorida aytganimizdek, rassomchilik bilan shug‘ullangan.

Vitsin jonivorlarni nihoyatda sevardi. Uyi atrofdagi qushlar, mushuk va itlar uning qay vaqtda ularni ovqatlantirish uchun chiqishini aniq bilib, pod’yezd oldida kutib turardi. Vitsinlar uyda ikki to‘tiqush va bir it ham boqardilar.

Georgiy Mixaylovich ekranda aroqxo‘r qiyofasida ko‘rinsa-da (ayniqsa, «Hayot uchun xavfli» kinokomediyasida), hayotda mutlaqo spirtli ichimlik ichmagan. U chekmagan ham.

Vitsin umr bo‘yi yoga bilan shug‘ullandi. O‘sha paytlarda yoga nimaligini ko‘pchilik bilmasdi. Vitsin tana tozarishi, ruhiy siqilishlarga bardosh berish, kundalik mashg‘ulot va meditatsiyani qat’iy jadval asosida olib borardi.

Rejissyorlar «Motor!» xitobidan so‘ng sochlarini ming yulib qolishmasin, Vitsin soatiga qarab, xushmuomalalik bilan: «Ma’zur tutasiz, men yetti daqiqa mobaynida bir oyoqda tik turishim va nilufar guli shaklida o‘tirishim kerak», derdi. Vaziyat tarangligiga qaramay, u chekkaroqqa o‘tib, yogaga berilar, shundan keyigina maydonga qaytardi. Bu harakatlarini hamkasblaridan kimdir yoqlasa, boshqa birov achchiqlanardi. Uni ayrim ayollar yoqtirishmasdi. Belotelovaning Balzaminov bilan o‘pishish sahnasidan so‘ng Nonna Mordyukova Vitsinga shunday degan: «Erkakmisan o‘zi? Ichmaysan, chekmaysan, ayollarga hushing yo‘q! Murdaning o‘zisan-ku!..»

 Aniqlanmagan tashxis va... o‘lim

Vitsinga yirik rollarini ijro etish nasib etmadi. Vaholanki, u betakror iste’dod sohibi edi. Hamkor aktyorlar Morgunov va Nikulin, «Vitsin – betakror iste’dod egasi, biz ikkalamiz birgalikda ham uning tirnog‘iga arzimaymiz», deganlari bejiz emas.

Georgiy Vitsin o‘limidan yetti yil avval kinoda suratga tushmay qo‘ydi. U aktyorlarning yumorga yo‘g‘rilgan konsertlarida ishtirok etardi, xolos.

Shifokorlarning xulosasiga ko‘ra, yoga bilan haddan ziyod shug‘ullanish aktyorning salomatligiga aks ta’sir ko‘rsatgan. Og‘ir xastalikdan so‘ng, 2001-yilning 22-oktyabr kuni Georgiy Mixaylovich Vitsin hayotdan ko‘z yumdi. So‘nggi intervyularidan birida u shunday degan edi: «Odamlar, behuda chiranmang. Hayot dahshatli ravishda ko‘p vaqtingizni oladi».

83 yoshli aktyorni ko‘mish arafasida ham uning o‘limiga oid aniq tashxis qo‘yilmagan.  Vitsin «surunkali kasallik tufayli yurak xuruji» bois shifoxonaga yotqizilgandi. Uni qabul qilgan shifokorning aytishicha, «Georgiy Vitsinning ahvoli og‘ir edi».

Bosh shifokor o‘rinbosari Aleksandr Shchukinning so‘zlariga ko‘ra, Georgiy Mixaylovich chidab bo‘lmas og‘riqdan aziyat chekkan. Shu bois dahshatli og‘riqni qoldiruvchi muolaja qilishga to‘g‘ri kelgan. So‘nggi kunlarigacha aktyorning hushi o‘zida edi. O‘limidan bir necha soat avval ahvoli yomonlashdi va hushidan ketdi.

«Biz Vitsinni davolamadik, – tan oladi Aleksandr Shchukin, – uning dardini yengillatdik, xolos».

Shchukinning aytishicha, oxirgi haftada Vitsin shifokor va hamshiralarga Nikulin haqida eslab, uning naqadar ajoyib inson bo‘lganini aytib bergan. O‘limidan bir necha kun oldin esa: «Men faqat komediya aktyori bo‘lganim uchun hayotdan quvonmayman. Keksa va kasalmand odam bo‘lsam-da, o‘tayotgan har lahzadan lazzat olaman», degan.

Hamshira keksa aktyor yotgan palatadan chiqmagan. Uning e’tiroficha, Georgiy Vitsin ahvoli og‘irligiga qaramay, tetik bo‘lgan.

«Meni hayron qoldirgani Vitsin ekrandagidan farqli o‘laroq, o‘z qadrini biladigan inson ekan, – deydi hamshira. – U tanasi qaqshab og‘rib, og‘ir dardni boshidan o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, hazillashishni kanda qilmasdi».

So‘nggi oqshom Vitsinning qoshida navbatchilik qilgan hamshiraning so‘zlashicha, Georgiy Mixaylovich hayotdan lazzat olish haqida she’r o‘qib bergan.

Vitsinga og‘riqni qoldiruvchi ukol qilishdi. Hamshira tashvishlanib undan so‘radi: «Georgiy Mixaylovich, o‘zingizni qanday his qilyapsiz,?» U shunday deb javob berdi: «Men nima bo‘lgan, nima bo‘layotgani va nima bo‘lishini juda yaxshi bilaman».

Bu Georgiy Mixaylovich Vitsinning so‘nggi so‘zlari edi.

Akbar Fathullayev

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring