Georgiy tasmasini taqqanlar jazolanadi
Moldova Respublikasi rasmiylari 9 may – G‘alaba kuni arafasida fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Politsiya bosh inspeksiyasi rahbari Viorel Cherneutsanuga ko‘ra, Georgiy tasmasi hamda Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ramziga aylangan «Z», «V» kabi belgilarni taqqan fuqarolar jazolanadi. Politsiya mulozimi fuqarolarni 9 may tadbirlarida qonunchilik talablariga rioya qilishga undagan.
2022 yil 20 apreldan e’tiboran Moldovada Georgiy tasmasi hamda «Z», «V» kabi belgilarni tayyorlash, tarqatish va targ‘ib etishga cheklov o‘rnatildi. Qonunbuzarlarga jarima yoki majburiy jamoat ishlari tayinlanadi.
2023 yil 9 may bayramida mamlakatda Rossiya bosqiniga aloqador ramz va timsollarni namoyish etish bilan bog‘liq 180 ta qonunbuzarlik qayd etilgan. Qoidabuzarlar orasida nafaqat oddiy fuqarolar, parlament deputatlari ham uchragan.
2022 yili Moldova prezidenti Mayya Sandu mazkur belgi va timsollar Rossiyaning bosqinchilik urushini ifodalagani sabab «tarix chiqindixonasi»ga uloqtirilishi kerakligini aytgan.
Kishinyov Kreml mamlakatda davlat to‘ntarishi va qo‘poruvchilik harakatlariga hozirlik ko‘rayotgani haqida bong urib keladi.
AQSh ham Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar o‘tkazish orqali hukumatni ag‘darish va davlat tepasiga kremlparast ma’muriyatni keltirishni ko‘zlayotganidan ogohlantirgan.
Oq uy fikricha, Kreml Moldovadagi barqarorlikni izdan chiqarish uchun dezinformatsiya, soxta axborotlardan ham foydalanmoqda.
O‘tgan yili Moldova axborot va xavfsizlik xizmati Rossiyaning 30 dan ortiq ommaviy axborot vositalari saytlariga taqiq qo‘ydi. Ushbu qaror «qora ro‘yxat»ga tushgan OAV Moldovada konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakatlar sodir etayotgani, dezinformatsiya vositasida ziddiyat va keskinlikni keltirib chiqarishga urinayotgani bilan izohlangan.
Moskvadan uzoqlashuv siyosatini yuritayotgan Moldova 2024 yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tarkibidan chiqish jarayonini yakunlamoqchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter