Generalning muhabbati
«Yoshlar» telekanali bir serial boshlabdi. Nomi ham biroz noan’anaviy: «Generalning muhabbati». Lekin gap uning nomida ham emas. Serial Xitoyniki ekan. Bugun muxlislar ko‘nglini va telebozorni shiddat bilan egallab olayotgan turk seriallari turganda nega xitoycha serial qo‘yildi deb hayron qolishingiz aniq...
Biz shu savol bilan «Yoshlar» telekanaliga murojaat qildik. Telekanal ijodkorlarining aytishlaricha, «Generalning muhabbati» seriali 2017-yilda Xitoyda eng yaxshi tarixiy serial sifatida tan olingan. Shuningdek, u odatiy tarixiy seriallarga xos xususiyat – shunchaki jangu jadallardan iborat emas.
Serial avvalo muhabbat va burch o‘rtasidagi ulkan ziddiyat haqida. Shu bois «Generalning muhabbati» seriali voqealari shiddat bilan rivojlanadi. Film qahramoni bahodir general dushman yurt vakilini sevadi, ammo vatani oldidagi burch uning muhabbatiga erishishiga yo‘l bermaydi. Qiz ham shunday, boshida generalga asir bo‘lgan, ko‘rarga ko‘zi yo‘q bo‘lsa-da, keyinchalik uni sevib qoladi. Biroq o‘z yurti g‘animiga ko‘ngil berishga haqqi yo‘qligini biladi.
Xo‘sh, buyog‘i qanday kechadi? Telekanal ijodkorlarining aytishlaricha, «Generalning muhabbati» seriali o‘z uslubi va voqealariga ko‘ra bugungi kunda namoyish etilayotgan seriallardan keskin farq qiladi. Buni serialni ko‘rganda bilasiz. Hozircha «Generalning muhabbati» treyleriga baho bering. Har holda boshqachaga o‘xshaydi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter