Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

GEF’ning VIII Assambleyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi

GEF’ning VIII Assambleyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Global ekologik fond (GEF) kengashining 69-yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarali natijalari dunyoning yetakchi donor davlatlari e’tiboriga taqdim etildi.

Kengashda nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov davlat rahbari tomonidan bir qator muhim ekologik tashabbuslar, xususan, Orol dengizining qurib qolgan tubida keng ko‘lamli o‘rmonzorlashtirish kampaniyasi olib borilayotganligi, bugungi kungacha 2 million gektar maydon yashil hududga aylantirilganligi, “Yashil makon” umumxalq loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilayotganligi va yashil hududlarni 30 foizgacha oshirish maqsad qilinayotganligi, 2030 yilga borib «yashil» energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilganligi, qayta tiklanuvchi energiyaga va nol chiqindili transportga o‘tish rag‘batlantirilayotganligini ta’kidladi.

Vazir, shuningdek, kengash ishtirokchilari e’tiborini O‘zbekistonda qonunchilikda atrof-muhitni asrashga qaratilgan qator o‘zgartirishlar kiritilganligi hamda ekologik ta’lim sifati oshirilayotganligiga qaratdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangilanib, atrof-muhitni asrash borasidagi moddalar bilan boyitildi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan boshqa hujjatlar ekologik barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida takomillashtirildi. Bundan tashqari, aynan Davlat rahbari tashabbusi bilan Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashi va Milliy iqlim markazi tashkil etildi. 2025 yil esa “Atrof-muhitni asrash hamda yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasining qator rezolyusiyalari, jumladan, 2027–2036 yillar oralig‘ida o‘rmon va yerlarni tiklashga oid rezolyusiya ilgari surilmoqda.

Kengashda 2026 yilda GEFning 8-assambleyasi va GEF Kengashining 71-yig‘ilishi O‘zbekistonda, Samarqandda o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilindi. O‘z navbatida Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan chuqur minnatdorlik bildirib, GEF ko‘magida O‘zbekistonning ekologik kun tartibini shakllantirishda muhim yutuqlarga erishilgani va hamkorlikni davom ettirishga umid bildirishini aytib o‘tdi.

Tadbirda aynan O‘zbekistonning ekologik faolligi va tashabbuslari tufayli jahon hamjamiyati Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishi sabablariga qarshi kurash va oqibatlarini yumshatish masalasiga e’tibor qaratayotgani qayd etildi. Xususan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi tadbirlarda yirik donor davlatlar mintaqadagi ekologik muammolarga yechim topish maqsadida birlashadi.

O‘z navbatida tadbirning BMT Turizm tashkiloti tomonidan “Jahon madaniy turizm poytaxti” deb e’tirof etilgan Samarqandda o‘tkazilishi ham ramziy ma’no kasb etishi ta’kidlandi.

Aziz Abduhakimov GEF assambleyasiga 2026 yilda nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi birgalikda mezbonlik qilishini ta’kidladi. O‘z navbatida O‘zbekistonda deyarli 100 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim, qolgan davlatlar uchun esa 24 soat ichida olinadigan soddalashtirilgan elektron viza tizimi joriy qilinganligi va bu yurtimizga tashrif buyuradigan delegatlar uchun yanada qulaylik yaratishi qayd etildi.

Aziz Abduhakimov kengash ishtirokchilariga “Green University”da IUCN (GEF agentligi)ning Markaziy Osiyodagi ofisi ochilgani haqida ham ma’lumot berdi:

GEF Assambleyasi global ekologik harakatlarni kuchaytirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy ko‘makni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish, nafaqat mintaqa, balki butun dunyodagi ekologik vaziyatni yaxshilash borasidagi pozitsiyasida qat’iy hamda bu boradagi faolligi, tashabbuskorligini davom ettiradi.

Ma’lumot uchun, Global Ekologik Fond (GEF, Global Environment Facility) ) — bu tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslarni moliyalashtiruvchi eng yirik xalqaro institut bo‘lib, iqlim o‘zgarishi, yer degradatsiyasi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va suvlarning ifloslanishi kabi global ekologik muammolarni hal etishda davlatlarga ko‘maklashadi. GEF Assambleyasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi nafaqat mamlakatning ekologiya va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlariga nisbatan yuksak e’tirof, balki investitsiyalar jalb etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va milliy ekologik ustuvorliklarni global miqyosda ilgari surish uchun muhim maydondir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring