Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘azoda o‘lim soni misli ko‘rilmagan darajaga yetdi

G‘azoda o‘lim soni misli ko‘rilmagan darajaga yetdi

G‘azo, Abu Yusuf Najjor shifoxonasi. Aviahujumda halok bo‘lgan falastinliklar.

Foto: Reuters

Isroil armiyasi tomonidan uch oydan buyon bombardimon qilinayotgan G‘azoda XXI asrdagi barcha yirik qurolli ziddiyatlardan ko‘proq o‘lim kuzatilmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniyadagi Oxfam xayriya tashkiloti ma’lum qilgan.

Unga ko‘ra, Isroil harbiylari har kuni G‘azoda o‘rtacha 250 kishini o‘ldirmoqda. Bu XXI asrda Curiya (kunlik 96,5 ta o‘lim),  Sudan (51,6), Iroq (50,8),  Ukraina (43,9), Afg‘oniston  (23,8), Yaman (15,8) kabi mamlakatlarda ro‘y bergan urushlardagi talafotlardan bir necha barobar ko‘pdir.

Oxfam tashkiloti qamalda qolayotgan g‘azoliklarga gumanitar ko‘mak yetib kelmayotgani, oziq-ovqat va dori-darmon taqchilligi sabab o‘lim xavfi yanada oshgan deb hisoblaydi.

Isroil HAMASning 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azo sektoriga tish-tirnog‘igacha qurollangan qo‘shin bilan bostirib kirdi. Ma’lumotlarga qaraganda, 7 oktyabrdan buyon kamida 23469 nafar falastinlik o‘ldirildi, 60 mingga yaqin kishi jarohatlandi.

CNN xabariga ko‘ra, uch oylik urush davrida G‘azoning har 100 aholisidan bir nafari yoki jami aholining 1 foizi halok bo‘lgan.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti 11 yanvar kuni e’lon qilgan hisobotda ham Isroil tomonidan G‘azoda genotsid deb malakalanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilayotgani bayon qilingan.

HAMASning hujumini qoralagan xalqaro tashkilot Isroilni minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirish va g‘azoliklarni ommaviy jazolashda ayblagan.

Hisobotda yozilishicha, Isroil harbiylari xalqaro gumanitar huquqni poymol qilgan holda G‘azodagi maktab, shifoxonalarga ham bomba yog‘dirgan. Shuningdek, aholi zich yashaydigan hududda taqiqlangan oq fosfor ishlatilgan. G‘azo sektori suv, oziq-ovqat, dori-darmon va yonilg‘idan mahrum etilishi 16 yildan buyon qamal sharoitida yashayotgan aholi hayotini battar og‘irlashtirgan, gumanitar inqiroz yanada keskin tus olgan.

Human Rights Watch Isroil Falastinning boshqa bir hududi – G‘arbiy sohilda ham xalqaro huquqqa zid harakatlar sodir etayotganiga e’tibor qaratgan. 2023 yilda G‘arbiy sohilda Isroil kuchlari tomonidan 492 nafar falastinlik, jumladan, 120 nafar bola o‘ldirilgan. 1 yanvar holatiga ko‘ra 3291 nafar falastinlik sudsiz, tergovsiz qamoqda ushlab turilibdi.

Ma’lumot o‘rnida, 11 yanvardan e’tiboran Haaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoiy sudda Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi da’vosi ko‘rilmoqda. JAR Isroilni G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genotsid jinoyatini sodir etishda ayblab xalqaro mahkamaga murojaat qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring