G‘azo xalqiga ko‘rinmas ajal xavf solmoqda – BMT
Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida mintaqada ochlik darajasi 12 baravarga ortdi. Bu haqda BMT rasmiy vakili Stefan Dyujarrik matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqarmasi jangovar harakatlar faollashganidan to‘rt oy o‘tib, G‘azo sektorida oziq-ovqat taqchilligi kuchaygani, sog‘liqni saqlash tizimi butkul izdan chiqqani, to‘yib ovqatlanmaslik, suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena bilan bog‘liq nomaqbul shart-sharoit sabab besh yoshgacha bo‘lgan bolalar, shuningdek, homilador va emizikli ayollar hayoti xavf ostida ekanidan ogohlantiradi», – deydi BMT voizi.
Mas’ul vakil S.Dyujarrik zudlik bilan gumanitar ko‘mak ko‘rsatilmasa va davolash-profilaktika choralari ko‘rilmasa, vaziyat butkul yomonlashishini ta’kidlagan.
2023 yil 7 okyatbr kuni Isroil armiyasi HAMAS hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon 2,3 million aholining 85 foizi turarjoyini majburan tark etgan. Ayni paytda Falastin anklavining deyarli butun aholisi ko‘rinmas ajal – ochlikka ro‘baro‘ kelgan.
BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) xulosasiga ko‘ra, G‘azo sektoridagi 1,1 million bola hayotiga ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar tahdid solmoqda. Xalqaro tashkilot ijrochi direktori Ketrin Rassel G‘azodagi vaziyatni bolalar uchun yomon tush deb atagan.
17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023 yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan.
Haagadagi Xalqaro sud 26 yanvar kuni qabul qilgan qarorga asosan, Isroilga G‘azo sektorida genotsid harakatlarining oldini olish va gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rish majburiyati yuklangan.
Ammo Falastin tomoni Isroil xalqaro mahkama qaroridan keyin ham gumanitar ko‘mak kelishiga to‘sqinlik qilayotganini aytmoqda.
CNN reportajida G‘azo sektoridagi ko‘p sonli aholi kunlab to‘yib ovqatlanmayotgani, odamlar ochlikdan o‘t-o‘lan yeyishga majbur bo‘layotgani hikoya qilingan.
«Isroil bombardimoni oqibatida uyini tark etib ko‘chada yashayotgan bolalar o‘zini yig‘idan to‘xtata olmayotir, bir burda non uchun o‘zaro mushtlashib ham ketishyapti. Isroil zarbasiga nishon bo‘lishi mumkinligiga qaramay, boshqa bolalar sovuqda yegulik qidirib ko‘chama-ko‘cha kezib yuribdi», – deb xabar beradi CNN.
Avvalroq BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi rasmiysi ham G‘azo sektoriga ommaviy ocharchilik yaqinlashib kelayotgani haqida bong urgan edi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Isroil bombardimonlari oqibatida G‘azoda 27840 falastinlik halok bo‘lgan, 67317 kishi jarohatlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter