Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gazeta tarqatuvchilikdan kompaniya rahbarligigacha: Shvetsiyadagi tadbirkor hikoyasi

Gazeta tarqatuvchilikdan kompaniya rahbarligigacha: Shvetsiyadagi tadbirkor hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar»da bu safargi suhbatdoshimiz Shvetsiyaning «Evroasia AB» kompaniyasi direktori Muzaffar Hojimatov bo‘ldi. Qahramonimiz Andijon viloyatida tug‘ilgan.

Samarqand, Buxoro, Qo‘qon va Marg‘ilon bozorlariga borardik

1979-yili Andijonda tug‘ilganman. Bolaligim juda qiziqarli o‘tgan. Shahardagi 11-o‘rta maktabda o‘qidim. Maktab davrlardan savdo-sotiqqa qiziqqanman va shu sababli amakilarim bilan bozorga chiqib turardim. Yozgi ta’tillarda ular bilan birga Samarqand, Buxoro, Qo‘qon va Marg‘ilon bozorlaridan avtomobil ehtiyot qismlarini olib kelib, Andijon bozorlarida sotardik.

Qolaversa, chim ustida xokkey va boks bilan ikki yil shug‘ullanganman. Lekin savdogarlik sportdan qiziqarliroq tuyulib, keyinchalik sport to‘garaklarini tark etdim.

Iqtisodiyot va moliya har qanday jamiyat hayotining asosidir. Moliyaviy savodxonliksiz hech bir davlat va jamiyat mavjud bo‘la olmaydi. Shuning uchun Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti (hozirgi Andijon mashinasozlik instituti) moliya va kredit yo‘nalishini otamning maslahatlari bilan tanlaganman. Dadam «Navro‘z» firmasida bosh hisobchi bo‘lib ishlagan va yaxshi ta’lim kelajagim poydevori ekanligini ko‘p bor ta’kidlaganlar.

2000-yili bakalavrlikni tamomlab, bir muddat bank sektorida faoliyat yuritdim. 2004-yilda yangi firmam — «Ibratli Savdo LTD» nomi ostida avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullana boshladim. 3 ta do‘konim bor edi va daromad ham yaxshi bo‘lgan.

Bir yil davomida shved tilini o‘rgandim

Dunyo kezish va rivojlanish maqsadim tufayli 2007-yili Shvetsiyaga ko‘chib o‘tdim va 1 yil davomida shved tilini o‘rgandim. 2009 yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Ishim ta’mirlash va odamlarga uylardan ko‘chishga ko‘maklashish edi.

2013-yili yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatim — «Evroasia Transport AB» — transport va pochta jo‘natmalari bilan ishlaydigan kompaniyaga aylandi.

Mamlakat haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, bu yerda ta’lim sifati yuqori, o‘quv muassasalari to‘liq yoki qisman davlat budjetidan moliyalashtiriladi. Universitetlarda ingliz tilidagi dasturlar ko‘pligi Shvetsiyaga butun dunyodan talabalarni jalb qilish imkonini bergan.

Bundan tashqari, Shvetsiyada talabalarning o‘qish, turarjoy xarajatlari va ularning tibbiy sug‘urtasini o‘z ichiga olgan stipendiya dasturlari mavjud.

Shvetsiyada ishlashning eng katta afzalligi bu — ishchilarning ijtimoiy va huquqiy xavfsizliklari ta’minlanganligi. Kasaba uyushmalari bilan ish beruvchilar hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘ygan.

Shvetsiya ish birjasi «Arbetsformedlingen»ning yoshlarni ish hayotiga qadam qo‘yishlarida hissasi katta.

«Yoshlar uchun ish kafolati» bu — 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchun dastur. Ularga ish topish, ish amaliyotini tashkil qilish yoki ta’lim va kasbiy masalalar bo‘yicha maslahat berishda yordam beradi

Bundan tashqari, «Yangi start» dasturi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra uzoq muddat ishsiz qolgan odamni ishga olgani uchun ish beruvchiga davlat kompensatsiya to‘lab beradi. Ya’ni bu kompensatsiyani to‘lash Shvetsiya davlat soliq idorasi bilan ish beruvchining soliq hisobini kreditlash orqali amalga oshiriladi. Bizning firmada ham shu dastur bo‘yicha ishga qabul qilinganlar bor. Bu avval hech qayerda rasman ishlamagan yoshlar bo‘lib, ularning ish haqlarini davlat 2 yil mobaynida ish beruvchining soliq hisob raqamiga tushirib beradi, ya’ni firmamiz to‘lashi kerak bo‘lgan soliq miqdori shu summaga kamaytiriladi.

Vatandoshlarimizga o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatamiz

Hozir «Evroasia» nomli kompaniya faoliyatini olib boryapman. Stokgolmning turli hududlarida joylashgan uchta ofisimizdan vatandoshlarimiz O‘zbekiston va boshqa davlarlarga pul jo‘natmalari yuborishlari va qabul qilishlari mumkin. Bundan tashqari, valyuta ayirboshlash va dunyoning barcha davlatlariga yuk jo‘natish bilan ham shug‘ullanamiz. Vatandoshlarimizga o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatamiz, ofisdagi ishchilarimizning aksariyati o‘zbeklar. Kompaniyada boshqaruvchi bo‘lib ishlayman va hamkorlar bilan shartnoma imzolashdan boshlab to mijozlarga xizmat ko‘rsatishgacha nazorat qilaman va barcha bosqichlarida ishtirok etaman.

Xalqaro pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanuvchi RIA Finacial, Smallworld, Moneygram firmalari bilan shartnomalar imzolaganmiz. Logistika sohasida esa DHL, Postnord, BestTransport va Fedex kompaniyalar bilan hamkorlik qilamiz. Yevropaning boshqa davlatlarida ham filiallarimizni ochish harakatidamiz.

Shvyedlar o‘z tilida gapirishni yaxshi ko‘rishadi

Shvetsiyaning dunyodagi har qanday boshqa mamlakatlar kabi, afzalliklari va kamchiliklari bor.

Bu yerdagi hayot tarzi albatta, dunyoqarashimni o‘zgartirdi. Men mustaqilroq bo‘ldim, chunki bu yerda ota-onam, do‘stlarim va tanishlar yo‘q edi. Bir vaqtning o‘zida ham til o‘rganishim va barcha ishlarni o‘zim qilishim kerak bo‘ldi.

Yaxshi taraflari: yaxshi mutaxassislarning ishlashi uchun imkoniyatlar ko‘p, davlat tomonidan firmalar va tadbirkorlarning sababsiz tekshiruvlari yo‘q, firma ochish juda oson, mijoz topish kanallari rivojlangan.

Qiyinchiliklari: shved tilini bilish kerak, boisi, shvedlar o‘z tilida gapirishni yaxshi ko‘rishadi. Raqobat kuchli, ijara, soliqlar baland va asosiysi vatan, oila va qarindoshlar sog‘inchi bor. Shvetsiya yashash uchun qimmat davlatlardan biri ekanligi bilan ham ajralib turadi.

Shahar markaziga avtomobilda kirishga to‘lov to‘lanadi

Shvetsiya dunyodagi eng raqobatbardosh iqtisodiyotlardan biri. Mamlakat o‘zining kuchli ishbilarmonlik muhiti, global raqobatbardoshligi va innovatsiyalarga chanqoqligi bilan mashhur. Buning asosiy sabablaridan mamlakatning erkin bozor muhiti va yuqori darajada rivojlangan ta’lim tizimida, deb o‘ylayman.

Qolversa, hukumat biotexnologiya va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda o‘sishni rag‘batlantirish uchun faol sarmoya kiritmoqda. Neft mahsulotlari va avtomobillar — mamlakatning asosiy eksport tovarlari. Volvo, Saab, Scandia kabi dunyoga tanilgan brendlar aynan shu yerda ishlab chiqariladi. E’tiborlisi, aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa yirik tashkilotlarning yillik hisobotlarini Shvetsiyadagi xohlagan odam ko‘rib chiqishi mumkin.

Shvedlar jiddiyligi, puxtaligi, tirishqoqligi va odobliligi bilan ajralib turadi. Va ular bu sifatlarning barchasini hamkasblari va biznes hamkorlarida ham ko‘rishni xohlashadi.

Yana bir muhim ma’lumot, bu yerda eng kam ish haqining miqdori belgilanmagan, lekin kasaba uyushmalari individual tarmoqlar va ish turlari uchun standartini belgilaydi va ish beruvchilarga o‘z shartlarini qo‘yishi mumkin. Ish beruvchilar ish o‘rnini tugatishda ma’lum rasmiy qoidalarga rioya qilishlari kerak va o‘z xohishi bilan ishchilarni ishdan bo‘shata olmaydi. Shaxsan menga bu ish beruvchining haq-huquqlari kamroq himoya kilinganday ko‘rinadi.

Shvetsiya, ayniqsa, Stokgolm va Gyoteborg kabi yirik shaharlarda yashash xarajatlari qimmat. Bundan tashqari, kundalik turmushimizda ham turli to‘lovlar qilinadi. Avtoturargoh, shahar markaziga avtomobilda kirib chiqishga, avtomobil egalari uchun to‘lov undiriladi. Har bir xarid kilingan mahsulot va xizmat uchun ham 25 foiz QQS solig‘i to‘lanadi.

Uzoq vaqt mamlakatimiz «yopiq» davlat bo‘lib kelgan

O‘zbekiston bozori ham jadal rivojlanmoqda: bilishimcha, so‘nggi 4 yil ichida mamlakat iqtisodiy o‘sishi 24 foizni tashkil etdi. Lekin shunga qaramay, O‘zbekistonda hali xalqaro gigant kompaniyalar soni juda kam. Chunki uzoq vaqt mamlakatimiz «yopiq» davlat bo‘lib kelgan.

Biznesdagi asosiy muammolardan biri — bu investitsiyalar. O‘zbekiston firmalarida investitsiya resurslari yetarli deb bo‘lmaydi. Mahalliy investorlar ham har doim yangi narsalarga ochiq emaslar, tanimagan odamlarga pullarini berishga ishonchlari yo‘q. Ularning ishonchini qozonish uchun tadbirkorlar puxta biznes-rejalar ishlab chiqishi va barcha xarajatlar va olinadigan foydalarni ochiq-oydin hisoblab, isbotlab berishi kerak.

Mamlakatimiz biznes muhitiining yana bitta kamchiligi bu — malakali kadrlar va yaxshi mutaxassislarning yetishmasligi. O‘zbekistonda ochiladigan kompaniyalar qisqa vaqt ichida xodimlar yig‘ishi lozim va bu oson kechmaydi. Chunki dunyoda keng tarqalib ishlatilayotgan usul va texnologiyalar bilan tanish bo‘lgan mutaxassislar ko‘p emas. Bunga sabab deb mustaqillikning dastlabki 10–20 yillaridagi ta’lim sifati pasayib ketganligida, deb o‘ylayman. Hamma o‘zini savdoga urdi, maktab va institutlardan tajribali kadrlar ketib qolishdi va shuning natijasida ta’lim sifati juda pasayib ketgan. Bu muammoning yechimlaridan biri xodimlarni mustaqil ravishda tayyorlash yoki chetdan jalb qilish.

«O‘tkan kunlar» romanini tavsiya qilaman

Afsuski, so‘nggi yillar ishda band bo‘lganligim sababli kitob o‘qish yoki film ko‘rishga deyarli vaqtim yo‘q. Har kuni jahon yangiliklaridan xabardor bo‘lib turishga harakat qilaman va film tomosha qilish o‘rniga oilam bilan muloqot qilish va bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishni muhimroq hisoblayman.

Ammo men o‘zimga yoqqan asarlardan ba’zilarini tavsiya qilishim mumkin va bu asarlar nashringiz o‘quvchilari uchun ham qiziqarli bo‘lishiga umid qilaman.

Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani. Ushbu kitobni barcha o‘qishi zarur. Unda milliy an’analar obrazi, tasvirlangan voqealarning tarixiy ildizlari, yangi va eski avlod qahramonlarining o‘ziga xosligi ko‘rsatilgan. Deyl Karnegining «Do‘st orttirish va odamlarga ta’sir ko‘rsatish» kitobi. Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sariq devni minib» romani.

Yevropa – O‘zbekiston logistika xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchiman

Shvetsiyaga kelgan yilim bir vaqtning o‘zida til kurslarida o‘qib haydovchilik qilganman, gazeta ham tarqatganman. Internet tushiradigan firmada ishlayotganimda bunday yashashda davom etishni xohlamadim va xususiy firma ochdim. Firmada logistika bilan shug‘ullanganman. Firmam qiladigan ishlar qatoriga mijozlar iltimoslari bilan kvartira ta’miri va bog‘bonlik ham qo‘shildi.

Bugungi kunda Yevropa davlatlari bo‘ylab yuk tashishga ruxsat beruvchi litsenziyamiz bor va kelgusida Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasida logistika xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejam bor.

Bundan tashqari, yana maqsadlarim sirasiga kompaniyamizning filiallarini Yevropaning barcha davlatlarida ochish va u yerdagi o‘zbekistonliklarga ham xizmat ko‘rsatish, O‘zbekistonda yetishtiriladigan quruq meva mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib kirish, shuningdek, qayerda yashasam ham xalqimizga xizmat qilish va o‘zbeklar nomini dunyoga tanitish.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring