Gaz «zapravka»lar asossiz ravishda narxlarni oshirmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy axboroti
![Gaz «zapravka»lar asossiz ravishda narxlarni oshirmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy axboroti](https://static.xabaruz.com/crop/3/9/720_460_95_3912544242.jpg)
Respublikamiz ayrim hududlarida avtomobillarga xizmat ko‘rsatuvchi siqilgan va suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish shoxobchalarida o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan joriy yilning 4-yanvarida 1 m3 metan gaz narxi 1900 so‘mdan 2200 so‘mgacha, ya’ni 300 so‘mgacha hamda 1 litr propan gazning narxi 200 so‘mdan 500 so‘mgacha oshganligi kuzatildi. Ayniqsa, bunday holat Toshkent shahri, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida kuzatilmoqda, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tanlov asosida bir qancha metan gaz quyish shoxobchalarining faoliyati tahlil qilinganda, 2018-yilning 9 oyida 1 m3 metan gazning o‘rtacha narxi 1650 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 4 chorakka kelib 1950 so‘mgacha oshirilgan. Joriy yildan boshlab esa hech qanday asossiz ravishda 1900 so‘mdan oshirilib, 2200 so‘mgacha sotilmoqda.
Natijada gaz quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi 2018-yilning 9 oyligidagi 20-29 foizdan 45-60 foizgacha oshgan. Agar ushbu shoxobchaning rentabellik darajasi 30-36 foiz miqdorida saqlangan holatda narx 1800-1900 so‘mdan oshmasligi kerak edi.
Davlat soliq qo‘mitasi hisobida, 2019-yilning 1-yanvaridan amaldagi soliq konsepsiyasi doirasida 1 m3 metan gazning narxi bor yo‘g‘i 210 so‘mgacha oshishi ham inobatga olingan.
Jumladan, gaz uchun aksiz solig‘i kiritilishi hisobiga 55 so‘m, yagona soliq to‘lov o‘rniga qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk, yer solig‘i va foyda solig‘i kiritilishi natijasida 155 so‘m oshishi mumkin edi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, daromadlilik va rentabellik darajasini yuqori miqdorlarda saqlash maqsadida ayrim gaz to‘ldirish shoxobchalari asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, joriy yilning 1-yanvaridan soliq o‘zgarishlari natijasida narxlarni o‘zgartirmasdan faoliyat ko‘rsatilganida ham gaz quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi 25-30 foizni tashkil etadi. Bu o‘z navbatida, iqtisodiyot tarmog‘idagi rentabellik darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini tashkil etmoqda.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinadigan «tadbirkorlar» faoliyati nazorat qilib boriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter