Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Gaz ballonlarining sinovi: qachon tartib bo‘ladi?

Gaz ballonlarining sinovi: qachon tartib bo‘ladi?

Foto: «Krimmetangaz.com»

Kecha, 18-sentyabr kuni ertalab soat 8.30 larda Buxoro viloyati Kogon tumani hududidan o‘tuvchi Buxoro-Qorovulbozor magistral yo‘lida 26 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan avtobusning gaz balloni portlashi oqibatida avtobus yo‘lovchilaridan 4 kishi voqea joyida, 1 kishi kasalxonada vafot etdi, 21 kishi jarohatlandi.

Shu kunni o‘zidayoq, avtobus halokati ortidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus farmoyishi imzolandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha gaz quyish shoxobchalari va gaz ballonli avtomobillar tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Maxsus farmoyishga ko‘ra, ikki oy muddatda gaz balloni o‘rnatilgan avtotransport vositalari, shuningdek, ularga xizmat ko‘rsatuvchi gaz quyish stansiyalari; tabiiy gazda ishlaydigan qozonxonalar, pechlar va boshqa uskunalarning texnik holatini puxta hamda har tomonlama xatlovdan o‘tkazish, xatlovdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, yoqilg‘i sifatida tabiiy gazdan foydalaniladigan avtotransport vositalari, gaz quyish stansiyalari, qozonxonalar, pechlar va boshqa uskunalardan foydalanish bilan bog‘liq avariyaning oldini olish bo‘yicha «Yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish topshirilgan.

Shu farmoyish bilan tanishar ekanman, bir jihat meni hayron qoldirdi. Unda «gaz balloni o‘rnatilgan avtotransport vositalari, shuningdek, ularga xizmat ko‘rsatuvchi gaz quyish stansiyalari, tabiiy gazda ishlaydigan qozonxonalar, pechlar va boshqa uskunalarning texnik holati  puxta hamda har tomonlama xatlovdan o‘tkazsin» deyilyapti, ammo negadir farmoyishning biron-bir joyida avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarini texnik sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan firmalar haqida, ularning masu’liyatini yana kuchaytirish haqida hech gap yo‘q. Balki shoshilinchda bu eslariga kelmagandir. Balki ikki oy davomida — yuqorida keltirilgan ish bajarib bo‘linganidan keyin bunga ham navbat kelar. Ammo hozircha hukumat farmoyishida ular haqida hech gap yo‘q.

Buxorodagi kechagi fojiadan keyin nima bo‘lganda ham gaz ballonlarini texnik sinovdan o‘tkazadigan firmalar e’tiborsiz qolmasliklari kerak. Chunki, ko‘rayapmiz, joylarda gaz ballonlarini texnik sinovdan o‘tkazish uchun litsenziya olib ishlayotgan turli firmalarning ayrimlari gaz ballonlarini texnik sinovdan o‘tkazmasdan, zero ularning texnik sinov o‘tkazadigan joyi ham, ishchilari ham yo‘q, pulni olib shunchaki «texnik sinovdan o‘tkazildi» degan muhrni bosib bermoqdalar.

Ko‘pchilikning yodida bo‘lsa, oxirgi 4-5 yil davomida avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanish tartiblarini joriy qilish uchun hukumatning bir nechta qarorlari chiqdi. Masalan, o‘sha qarorlarning birida Xitoyda ishlab chiqarilgan va haydovchilar tilida «kapron ballon» deb nomlanuvchi skotch bilan o‘ralgan ballonlarni iste’moldan chiqarish,  unday ballonlarni texnik sinovdan o‘tkazmaslik, shunday ballon o‘rnatilgan mashinalar oldi-sotdi qilinayotganda ballonni yechib tashlamaguncha davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, gaz quyish shoxobchalarida «kapron ballon»larga gaz quyib bermaslik belgilab qo‘yilgan edi.

Ammo o‘sha paytda guvohi bo‘ldik: gaz ballonlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan ayrim firmalar  haydovchilar bilan o‘zaro kelishib, oshiqroq pul olib o‘shanday gaz ballonlarini «texnik sinovdan o‘tdi» deb muhr urib beraverdilar. Gaz quyish shoxobchalarining aksariyatida esa mashinalarda o‘rnatilgan gaz ballonlari qanaqaligi bilan qiziqib o‘tirmaydilar. Haydovchining qo‘lida gaz ballonining texnik sinovdan o‘tganligi to‘g‘risidagi qog‘oz bormi, bo‘ldi — gaz quyib beraverishadi.

Bu holat YPX xodimlari bilan ham shunday. Ular ham aksariyat hollarda, yo‘llarda, blokpostlarda haydovchilarning va mashinalarning hujjatlarni tekshirayotganlarida ko‘pincha gaz balloni texnik sinovdan o‘tganligi haqidagi hujjatni ko‘rishadi, sinov muddati o‘tgan bo‘lsa chora ko‘rishadi, ammo o‘sha hujjat bilan mashinadagi gaz balloni muvofiq keladimi yoki yo‘qmi ko‘pincha qiziqib ham o‘tirishmaydi.

Uzoqqa bormaylik, o‘tgan yili shu holat o‘zim bilan ham sodir bo‘ldi. Mashinamga 2014-yilda o‘rnatilgan gaz ballonining texnik sinov muddati tugadi va uni sinovdan o‘tkazish uchun sinovdan o‘tkazadigan firma qidirib yo‘lga tushdim.

Samarqand shahriga yetmasdan, Toyloq tumanida, Samarqand-Ayniy yo‘lida to‘xtab odamlardan o‘shanday joy o‘sha atroflarda bor-yo‘qligini so‘radim. Bittasi ko‘rsatib yubordi, bor ekan. Borsam kichik bir xonada bir odam yozib-chizib o‘tiribdi. Uch-to‘rt odam navbat kutyapti. Men ham navbatga turdim. Navbatim kelguncha uyoq-buyoqqa qaradim — gaz ballonlarini sinaydigan uskunasi ham, ishchilari ham ko‘rinmayapti. «Balki orqa tarafdadir» deb o‘yladim. Navbatim keldi. Boyagi odam qo‘limdan hujjatlarimni olib yozdi, chizdi va oxirida 38 ming to‘lashim lozimligini aytdi. Aytgan pulini to‘ladim, u esa «Falon raqamli mashinada o‘rnatilgan falon raqamli gaz balloni texnik sinovdan o‘tdi» deb yozilgan qog‘ozni qo‘limga tutqazdi.

Hayron bo‘ldim va «Gaz ballonini sinovdan o‘tkazmaysizlarmi?», — desam, u «Balloningiz yangi ekan, sinovdan o‘tkazish shart emas», — dedi. E’tibor bersam u menga bergan qog‘ozida keyingi sinov muddatini bir yildan keyin belgilab beribdi.

Sinov muddatini metan gaz ballonlarida ballonning holatiga qarab uch yilgacha qo‘yish mumkin. Undan nega bunday qilganini, nega uch yil o‘rniga bir yil qo‘yganini so‘radim.  Shunda u «Gaz balloningizni sinovdan o‘tkazmayapman-ku, boravermaysizmi?», — dedi. Men unga boravermasligimni, xohlasa ballonimni bemalol sinovdan o‘tkazishi mumkinligini, ammo muddatni uch yil qilib berishi lozimligini, aks holda pulimni qaytarib berishini va men sinovni boshqa joyda qildirishimni aytdim. Shunda u qo‘limdagi qog‘ozni oldi-da, boshqa qog‘ozga boshqatdan yozib, keyingi sinov muddatini ikki yildan keyinga qo‘yib berdi.

O‘sha paytda u menga «Sizning gaz balloningiz yangi ekan, sinov shartmas» degani bilan, navbatim kelguncha, bir nechta haydovchilarning sinov qog‘ozini yozib berdi va ularning birontasining gaz ballonini sinovdan o‘tkazgani yo‘q. Ularga bir yillik muddat yozib beryapti, ular esa qog‘ozlarini olib, indamay rahmat aytib chiqib ketishyapti.  O‘shanda uning sinov uskunasi ham, ishchilari ham yo‘q edi. Shunchaki pulni olib sinov muddatini yangilab beryapti, xolos. Gaz ballonlarini «chaqqonlik bilan» sinovchi bunaqangi firmalar, afsuski, mamlakatimizda oz emas.

Buxorodagi fojiada o‘sha gaz ballonlarini import qilib olib kirganlar yoki ishlab chiqarganlar, o‘sha gaz ballonlarini o‘rnatganlar, albatta, o‘sha gaz ballonlarini texnik sinovdan o‘tkazganlar — hammasi birday aybdor.

Shunday ekan hukumatimiz ko‘chalarda gaz ballonida yurgan mashinalarni tekshirar ekan, ularni texnik sinovdan  o‘tkazayotgan turli firmalarni ham qattiq tekshirishi, zarurat bo‘lsa, litsenziyalarini qaytarib olishi kerak. Chunki ko‘ryapmiz, gaz balloni portlashi bilan bog‘liq fojialarning aksariyati gaz ballonlarining texnik nosozligi tufayli sodir bo‘lyapti. Bunda esa gaz ballonlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazmasdan, pulni olib «gaz balloni sinaldi» deb muhr urib berayotgan firmalar ham birday aybdor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring