Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gavhar Iskanova: Qishloq ayollari haqiqiy qahramon...(video)

Gavhar Iskanova: Qishloq ayollari haqiqiy qahramon...(video)

Foto: Xabar.uz

Mezon shamoli hozir har qanday mevaga bol ta’mini qo‘shgan palla. Anavi palakning eng boshidagi qovun deysizmi, so‘ritokda qolib ketgan ko‘kimtir uzum deysizmi, shamol silkitib ham tushirolmagan olma deysizmi shirini tilni yoradi. Behigayam, anorgayam ta’m kirgan palla, dalalarda mezon iplari ingichka halinchakdek mayin silkinadi. Shunday pallada mashinada yo‘l chetidagi paxtazorlarni, poliz ekinlarini yig‘ishtirib olayotgan odamlarni kuzatish maroqli. To‘xtab har biri bilan suhbatlashging keladi.  Sirdaryoning yo‘l chetida anor sotayotgan ayol e’tiborimizni tortdi.

– O‘zim yetishtirganman bu anorlarni, sharbati juda vitaminlarga boy, – deydi ayol bizga mevalaridan tatib ko‘rishga undarkan.

– Behilar ham o‘z bog‘ingizdanmi?

–  Ha, fermerman, anor va behizorim bor...

O‘zini Gavhar Iskanova deb tanishtirgan ayol 2018 yil tashkil qilgan bog‘iga onasining nomini qo‘ygan ekan.

– Ota-onam hojibobo, hoji momo edi. Onamning nomi o‘chmasin deb «Xosiyat hoji ona» fermer xo‘jaligini yuritayotganimga 5 yil bo‘ldi, qarang anor va behi daraxtlarim hosilga kirdi, – deydi sirdaryolik Gavhar, anorlarni o‘z chizig‘i bo‘ylab kesarkan.

Bildikki hamsuhbatimiz bog‘i, ota-onasi, orzulari haqida gapirib bergisi kelayapti.

 – Aktyor, aktrisalarni juda hurmat qilaman. Aktrisa bo‘lmoqchi ekanligimni aytganimda qiz bolasan, deb uydagilar ruxsat berishmadi. Keyin shifokor bo‘laman, dedim. Ota-onam meni uzoqqa qo‘yib yuborgisi kelmadi. Oxiri hamshiralikka o‘qidim.

Gavharxon bizga anorning xususiyatlari, sharbatining foydalari haqida juda ko‘p narsalarni aytib berdi. Uni chiroyli, to‘g‘ri kesishda ham gap ko‘p ekan.

Ikki xil sharbat ko‘rsatdi – biri och qizil, ikkinchisi to‘q qizil. Och qizil anor tuya tish anor deyilarkan. Suhbatdoshimning gaplaridan anor haqida o‘zim uchun ajoyib «yangilik» yaratdim. Och qizil donli anor to‘q qizil donli anordan anchagina shirin. Shu paytgacha to‘q qizil donli anor shirin bo‘ladi, och qizili pishmagan deb nordon anor yeb yurgan ekanman...

Qishloq ayollari bilan gaplashsangiz ham hayajonlanib, ham to‘lqinlanib, goh uyalib, goh to‘lib-toshib bor gapini to‘kib-sochgisi keladi.  Ularning orzusi armonidan ko‘p.

«Ayollar uchun o‘tkazilayotgan tanlovlarni yaxshi ko‘rib tomosha qilaman. Ayniqsa, «Yil ayoli» tanlovi menga juda yoqadi». Men Gavharxonning istiholasida: «Agar qishloqda yashamaganimda yil ayoli bo‘lardim» yoki «Mana shu tanlovda mening ham qatnashgim keladi», degan shirin orzu bor.

Ketayotganimizda u shunday dedi: «Qishloqdagi ayollarning barchasi yil ayoli nomiga munosib, chunki ular mehnatkash va halol insonlar»...

Biz ham xuddi shu fikrdamiz. Qishloq ayollari haqiqiy qahramon....

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring