Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«G‘arbning erkatoy bolasi». Erdo‘g‘on Isroilga bir qator talablar qo‘ydi

«G‘arbning erkatoy bolasi». Erdo‘g‘on Isroilga bir qator talablar qo‘ydi

Islom olami Isroilni G‘azoda sodir etayotgan harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun qonun oldida javob berishi yo‘lida kerakli choralarni ko‘rishi kerak. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 11-noyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Riyoz shahrida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasining qo‘shma sammitidagi nutqida gapirdi.

«Isroilni har safar beparvo qilgan omil – qatl etgan, yerlarini bosib olgan, yoqib yuborgan, vayron qilgan, zulm qilgan xalqqa yetkazgan zararini qoplamasligidir. G‘arbning erkatoy bolasidek harakat qilayotgan Isroil ma’muriyati yetkazgan zararni qoplashga majburdir. Biz Islom olami vakillari falastinlik birodarlarimizni ojiz va nochor qoldira olmaymiz, albatta», – degan Erdo‘g‘on.

Ma’lumki, Isroil HAMASning 7-oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoda havo va quruqlikda keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazmoqda. Xalqaro tashkilotlar harbiy amaliyot jarayonida minglab tinch aholi vakillari halok bo‘layotgani haqida bong urmoqda.

Turkiya rahbari qamal ostidagi G‘azoda yuz berayotgan fojialarni ifodalashga so‘z ojiz ekanini urg‘ulagan.

«Biz tarixda misli ko‘rilmagan zo‘ravonlikka duch keldik, shifoxonalar, maktablar va qochqinlar lagerlari bombalanmoqda, tinch aholi vakillari o‘ldirilmoqda. Jabr-zulmni ko‘ra-bila turib sukut saqlayotganlar o‘sha xunrezlikning ishtirokchilaridir», – degan Turkiya yetakchisi.

Siyosatchi inson huquqlarini bayroq qilib kelgan G‘arb mamlakatlari Falastin hududidagi qatliomga tomoshabin bo‘lib turganidan taassuf izhor qilgan.

«Bizning ustuvor vazifamiz – o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordamining uzluksiz yetkazilishini ta’minlashdir. Eng muhimi, «bir necha soatlik tanaffus» emas, balki butunlay o‘t ochishni to‘xtatishdir. Bundan tashqari, insonparvarlik yordami uzluksiz va to‘xtovsiz berilishi kerak», – degan u.

Erdo‘g‘on Islom hamkorlik tashkiloti shafeligida G‘azoni tiklash bo‘yicha jamg‘arma tuzishni ham taklif etgan.

Bir hafta avval Isroilning Quddus va meros ishlari bo‘yicha vaziri Amixay Eliyahu G‘azo sektoriga ommaviy qirg‘in quroli sanalgan atom bombasini qo‘llashni ehtimoliy variant sifatida ko‘rishini bildirgan edi. 

Isroil yadro quroliga ega ekanini ochiq tan olmaydi, buni inkor ham etmaydi. Yahudiy davlati o‘nlab, balki yuzlab yadro kallaklariga ega ekani aytiladi.

Ushbu bayonotga munosabat bildirgan Turkiya prezidenti Xalqaro atom energetikasi bo‘yicha agentlikni Isroilda yadroviy bomba bor-yo‘qligini taftish etishga undagan.

Riyozda o‘tgan islom olami yetakchilari sammitida Isroil tomonidan G‘azoda sodir etilayotgan nomaqbul harakatlar harbiy jinoyatlar deb atalgan. Anjuman yakunida qabul qilingan qo‘shma bayonotda Xalqaro jinoiy suddan Isroilning harbiy jinoyatlari tergovini yakunlash so‘ralgan. Yahudiy davlati ma’muriyatidan esa G‘azo qamali va o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar ko‘mak kiritilishiga to‘sqinlik qilmaslik talab etilgan.

Sammit mezboni Saudiya Arabistoni podshohligi Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishning yagona sharti Falastin hududlarida Isroil okkupatsiyasi, blokadasi va noqonuniy turarjoylariga barham berish ekanini ta’kidlagan.

Islom olami davlatlari 1967-yilgi chegaralarda, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati tashkil etilishi lozimligini bir ovozdan yoqlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring