Futbolchi Alves shoir Oripovni o‘qiganmi?
Zamonaviy futbolning betakror himoyachilaridan bo‘lgan braziliyalik Dani Alves «Oltin to‘p» marosimi avvalida g‘alati ishga qo‘l urdi. Gap shundaki, u instagramdagi sahifasiga o‘zining «Oltin to‘p» ushlab turgani aks etgan suratini joylab, ostiga: «Bu sovrin o‘zgacha rohat bag‘ishlaydi-da odamga, menga ovoz berganlarning barchasiga rahmat aytaman», deya yozib qo‘yibdi. Albatta, bu hazil.
Biroq har qanday hazilda haqiqat uchqunlari bo‘lishi bor gap. Haqiqat shuki, bugungi futbolda himoyachilarning «Oltin to‘p»ga ega chiqishi o‘ta mushkul, e’tibor — doim nayzaning uchi bo‘lgan yarim himoyachi yoki hujumchilarga qaratilaveradi. Holbuki, futbolda metin himoyachiga doim ehtiyoj katta bo‘lib kelgan. Alves himoyadagi ishonchli o‘yinlaridan tashqari, hujum qilishni, golli pas berishni qoyillatadigan, qolaversa, o‘zi ham raqib darvozasini tez-tez ishg‘ol qilishi bilan shuhrat qozongan noyob himoyachi sanaladi.
Alvesning bu xatti-harakati o‘zbekning mashhur shoiri Abdulla Oripovning «...O‘z-o‘zimga she’r o‘qiyman men» satrini yodga soldi. Ya’niki, shoirimiz men she’r yozaveraman, o‘qigan o‘qir, mabodo, badga tegib, hech kim o‘qimasayam muammo yo‘q, o‘zimga o‘zim ham she’r o‘qiyveraman, degandi. Alves ham Abdulla Oripov ijodidan bahramand bo‘lgan chog‘i. Yo‘qsa, o‘zini o‘zi «Oltin to‘p» bilan tabriklarmidi, deging keladi?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter