Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqaroning o‘limiga vaksina sabab bo‘lganmi? — Sud-tibbiy ekspertiza xulosasi oydinlik kiritdi

Fuqaroning o‘limiga vaksina sabab bo‘lganmi? — Sud-tibbiy ekspertiza xulosasi oydinlik kiritdi

Foto: «Lenta.ru»

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi ayolning farzandi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasdan emlangani, natijada ahvoli og‘irlashib vafot etgani haqida xabarlar tarqalgach, Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu vaziyatni nazoratga olganligi, ushbu holatni o‘rganish maqsadida tezkor guruh tuzilib, O‘rta Chirchiq tumaniga yuborilgani haqida xabar berilgandi.

Tezkor guruh tarkibiga:

Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, vazirlik bosh sud-tibbiy eksperti, professor A. Iskandarov;

Saniratiya-epidemiologiya va jamoat salomatligi xizmati immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i D. Tursunova;

bosh infeksionist B. Tadjiyev;

bosh toksikolog A. Stopnitskiy;

bosh terapevt U. Kamilova;

bosh allergolog I. Razikova kabi mutaxassislar kiritilgan edi.

Mazkur o‘lim holati yuzasidan Nurafshon shahar prokuraturasi tomonidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi. Ushbu sud-tibbiy ekspertiza natijalari e’lon qilindi.

— 1983-yil 18-iyunda tug‘ilgan marhum S.Q. shu yilning 10-avgustida soat 11:00 larda «Tuyabo‘g‘iz» oilaviy shifokorlik punktida, oilaviy shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, emlashga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmagach, vaksinator hamshira tomonidan emlangan. Vaksina olgandan keyin 20 daqiqa davomida oilaviy shifokor kuzatuvida bo‘lgan va aks ta’sirlar kuzatilmagach, uyiga ruxsat berilgan, — deydi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, vazirlik bosh sud-tibbiy eksperti A. Iskandarov. — Ekspertizada marhum S.Q.ning tanasida jarohat izlari aniqlanmadi.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhum S.Q.ning joriy yil 13-avgust, ya’ni u emlanganidan 3 kun o‘tib yuz bergan o‘limi emlashdan so‘ng uning sog‘lig‘ida sodir bo‘lgan o‘zgarish va shifokorlar tomonidan tavsiya etilgan preparatlar bilan bog‘liq emasligi aniqlandi.

Vaholanki, emlashga eng asosiy mon’yeliklardan biri hisoblangan anafilaktik shok holati va boshqa salbiy ta’sirlar vaksina qilingandan keyin 30 daqiqa ichidagina ro‘y berishi mumkin.

Shu bilan birga, kimyoviy moddalar bilan zaharlanish klinik belgilari ham kuzatilmagan.

Sud-tibbiy espertizaning yakuniy xulosasiga ko‘ra, marhum hayotligida o‘tkir zotiljam, bosh miya va miyachaning menigoensefaliti, epimiokardit kasalliklari bilan og‘rigan bo‘lib, bu xastaliklar uning o‘limi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlikka ega ekani aniqlandi.

Eslatib o‘tamiz, bugunga qadar Toshkent viloyatida 1 199 127 doza vaksina emlash jarayonlarida qo‘llanilgan. Emlangan bemorlar orasida vaksina ta’sirida birorta ham jiddiy salbiy ta’sirlar kuzatilmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring