Fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunining 25-moddasiga (Konstitutsiyaviy sudga masalalarni kiritish huquqi) quyidagi qo‘shimcha kiritish taklif qilinmoqda:
«O‘zlarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar bilan buzilgan deb hisoblovchi jismoniy va yuridik shaxslar»
Shuningdek, 27-moddasining (Konstitutsiyaviy sud majlisining ishtirokchilari) birinchi qismi «adliya vaziri» degan so‘zlardan keyin «o‘zlarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar bilan buzilgan deb hisoblovchi jismoniy va yuridik shaxslar, ularning vakolatli vakillari» degan so‘zlar bilan to‘ldirilishi mumkin.
Bu nima degani?
Shu paytgacha oddiy fuqarolar qonunlar va qarorlarning Konstitutsiyaga zidligi masalasida Konstitutsiyaviy sudga murojaat qila olmas edilar. Faqat quyidagi sub’yektlardagina bunday huquq bor edi:
• Oliy Majlis palatalari;
• Prezident;
• Vazirlar Mahkamasi;
• Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman);
• Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi;
• Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi;
• Oliy Majlis Senati a’zolari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi;
• Oliy sud;
• Bosh prokuror;
• Konstitutsiyaviy sudning kamida uch nafar sudyasi tashabbusi bilan.
Shuning uchun ham yillar davomida Konstitutsiyaviy sud deyarli ishlamagan, chunki qaror qabul qilish uchun asos bo‘ladigan murojaat va shikoyatlar deyarli tushmas edi. Eng yuqori davlat organlari qaysidir qonun yoki Prezident va Hukumat hujjatlarining Konstitutsiyaga zid ekanligi yuzasidan shikoyat bilan chiqishi kamdan-kam uchraydigan holat.
Misol uchun, 2010 yildan toki 2018 yilgacha Konstitutsiyaviy sud atigi 2 tagina qaror qabul qilgan (2014 va 2018). Shunchaki solishtirish uchun aytish mumkinki, birgina 2019 yilning dastlabki 4 oyi davomida Rossiya Konstitutsiyaviy sudi 19 ta qaror qabul qilgan.
E’lon qilingan ushbu loyihani mamlakatda qonuniylikni yanada ta’minlash bo‘yicha inqilobiy qaror deyish mumkin. To‘g‘ri, aytishingiz mumkin, fuqarolarga murojaat huquqi berilgani bilan, bu Konstitutsiyaviy sudning sudyalari barcha shikoyatlarini ijobiy ko‘rib chiqishiga kafolat emasku, deya. Fikringizda jon bordir. Lekin bu keyingi masala.
Butunlay taqiq bo‘lgan holatda sifat bosqichi haqida orzu qilish ham imkonsiz edi. Endi esa o‘sha imkoniyat paydo bo‘lmoqda, shikoyatlarni sifatli ko‘rib chiqish masalasi esa vaqt davomida shakllanadigan narsa, bundan xavotir olmasa ham bo‘ladi.
Xullas, bu loyihani ko‘rib, xursand bo‘ldim. Yaxshi yangiliklar ko‘payaversin.
P.S.: agar shu qonun kuchga kirsa Konstitutsiyaviy sudga fuqarolar tomonidan kiritiladigan eng birinchi masala nima bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter