Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqaroga ikki marta yer ajratildi va... ikki marta qaytarib olindi

Fuqaroga ikki marta yer ajratildi va... ikki marta qaytarib olindi

Foto: «Xabar.uz»

Tahririyatimizga Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi Yusupov Dilshodjondan murojaat kelib tushdi va biz uni to‘lig‘icha e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.

«Assalomu alaykum. Men, Yusupov Dilshodjon Shuhratovich, 1988-yil 9-iyunda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Sulton qishlog‘ida tug‘ilganman va shu yerda istiqomat qilaman.

Ushbu iltimosnomani hozirgi kunda hayotimda yuzaga kelgan to‘siqlar va muammolarga yechim topish uchun adolat istab sizga yo‘llamoqdaman.

Men 2017-yil may oyida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarga va tadbirkorlarga yaratib berilgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish, o‘zimning shaxsiy tomorqam yo‘qligi sababli o‘z dehqon xo‘jaligimni tashkil qilish maqsadida Mashad qishlog‘ida joylashgan 561-konturdagi qarovsiz yotgan yer maydonidan 0,35 ga yer ajratishlarini so‘rab Uchko‘prik tuman hokimligiga ariza bilan murojaat qildim. Shu yilning 26-iyulida menga Uchko‘prik tuman hokimining «Dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida»gi 1008-qaroriga asosan shu joyni obod qilish va unumdor ekin maydoniga aylantirish sharti bilan 0,35 ga yer ajratildi. Bundan mening xursandchiligim bir bo‘ldi-yu, ota-onamniki yuzga aylanib ketdi. Chunki shu kunga qadar oilamizning daromadini ko‘paytirish, qo‘shimcha daromad olish uchun hech qachon bunday imkoniyat bo‘lmagan edi.

Afsuski, bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi, hammasi puch bo‘lib chiqdi. 2017-yil sentyabr oyida tuman prokurori o‘zining 26-sentyabr kungi 10/17-protesti bilan tuman hokimiga 2017-yil 26-iyuldagi «Dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida»gi 1008-qarorini bekor qilish talabini qo‘ydi. Protestda mening oila boshlig‘i ekanligim, ilgari menga uy-joy qurish uchun yer uchastkasi ajratilganligi xaqidagi qonun talablari umuman tekshirilmaganligi vajlari keltirilgan edi. Afsuski, tuman hokimligi prokuraturaning talabini qondirdi. Tuman hokimining 2017-yil 17-noyabrdagi 1511-qaroriga asosan avvalgi 1008-qaror bekor qilindi va yer qaytarib olindi. Bu orada men tashkil qilingan dehqon xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ulgurgandim. Bu dard ustiga chipqon bo‘lib, hali bir ketmon urib ulgurmagan yerim uchun 522 ming so‘m soliq qarzini bo‘ynimga oldim va to‘ladim.

Barchasiga sabr qilib, «qog‘ozbozlikdagi qo‘pol xatolar»imni to‘g‘rilab 2018-yil mart oyida tuman hokimligiga Mashad qishlog‘ida joylashgan 561-konturdagi qarovsiz yerdan hech bo‘lmaganda 0,20 ga yer ajratishlarini so‘rab takroran ariza bilan murojaat qildim. Bu safar o‘sha tashlandiq joyni Mashad qishlog‘ida yashovchi 3 nafar fuqaro qatori menga ham tuman hokimining 2018-yil 28-mart kungi «Dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida»gi 540-qaroriga asosan qo‘shnilar bilan hamjihatlikda shu joyni obod qilish va unumdor ekin maydoniga aylantirish sharti bilan 0,2 ga yer ajratildi.

Qarovsiz yerning avvalgi holati.
Qarovsiz yerning avvalgi holati.
Qarovsiz yerning avvalgi holati.

Shundan so‘ng biz qo‘shnilar bilan birgalikda shaxsiy mablag‘larimiz hisobidan yerni ekin maydoniga aylantirish harakatlarini boshladik. Bir oylik to‘xtovsiz mehnat, texnika kuchi va mablag‘lar evaziga yer ekin ekish uchun tayyor holatga keltirildi va loviya ekildi. Bu orada men «Yagona darcha» markaziga oldingi dehqon xo‘jaligimni yopib 0,2 ga yerga xo‘jalikni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun borganimda, dastlabki 0,35 ga yer uchun ochilgan dehqon xo‘jaligiga 2018-yil uchun soliqlarni to‘lab (770 ming so‘m) yopganimdan so‘nggina menga yangi dehqon xo‘jaligi ochilishi va 2018-yil uchun yana to‘liq soliqlarni to‘lashim kerakligini tushuntirishdi.

Bularning hammasiga rozi bo‘lib turgan vaqtimda tuman prokuraturasiga chaqirishdi va mendan yerni qay yo‘l bilan olganim to‘g‘risida tushuntirish xati olishdi hamda yer berilishi yuzasidan Mirishkor qishlog‘ida yashovchi fuqaro Jahongir Sultonov shikoyat arizasi berganligi haqida ogohlantirishdi.

Tushundimki, o‘sha yerni mendan yana qayta tortib olish uchun harakatlar boshlangan. O‘ylaganimdek bo‘lib chiqdi ham. Tuman prokurori tuman hokimligiga 2018-yil 11-may kungi 11-18-protesti bilan tuman hokimining birvarakayiga 2018-yil 28-mart kungi «Dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida»gi 537, 538, 539, 540-qarorlarini bekor qilish talabini qo‘ydi. Afsuski Uchko‘prik tuman hokimining 2018-yil 23-may kungi 877-qaroriga asosan «Dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida»gi 540-qarori bekor qilindi.

Qarovsiz yerning keyingi holati.
Qarovsiz yerning keyingi holati.
Qarovsiz yerning keyingi holati.
Qarovsiz yerning keyingi holati.

Buni nima deb atash mumkin? Maynavozchilikmi yoki inson mehnatini kamsitishmi?! Qaror qabul qilishdan avval tuman hokimining, qarorning qonuniyligini o‘rganish zimmasida bo‘lgan tuman hokimligi huquqshunosining ko‘zi qayerda edi? Nega qaror chiqarib ortidan bekor qilaveradi? Yana bir emas, ikki martalab. Yer ajratilishida mutasaddi xodimlarning, «Yermulkkadastr» davlat unitar korxonasining ko‘zi qayerda edi? «Bu yer faqat fuqaro Jahongir Sultonovdan boshqasiga berilmasin» deb biror-bir qonunda belgilab qo‘yilganmi? Nahotki prokuraturaning shu ishlari to‘g‘ri bo‘lsa, bir oddiy fuqaroning mehnatini, qilgan harakatlarini hech kim yoqlamasa, yer qonuniy asoslarsiz berilgan bo‘lsa, nega protest shu zahoti zudlik bilan berilmadi? Nega endi dehqonlar o‘sha yerni yer qilish uchun pul sarflamasdan, mehnat qilmasdan, ekin ekmasdan oldin hech kim indamadi? Nega endi men hali 1 so‘m foyda olmagan, hali meniki bo‘lishi noaniq bo‘lib turgan joyga 2 yillik soliqni bo‘ynimga olib to‘lashim kerak? Nahotki adolat bo‘lmasa?

Murojaatdan muddaom shuki, yuqoridagilarni inobatga olib, Uchko‘prik tuman prokuraturasining 2018-yil 11-may kungi 11-18-protestining qonuniyligi chuqurroq o‘rganilishida, adolat qaror topishida, fuqarolarning tashlandiq yerni obod qilishdagi sa’y-harakatlari, mehnatlari to‘g‘ri baholanishida amaliy yordam berishingizni so‘rayman...».

Murojaatni o‘rganarkanmiz, har ikki tomon ham haq tuyuladi (kim haq yoki nohaqligini albatta tegishli tashkilotlar hal qiladi). Prokuratura davlat manfaatlarini himoya qilmoqda, namunaviy uy-joylar qurilishi uchun saqlangan maydon, suv yo‘llari va muhofaza hududlari fuqarolarga berilishining oldini olmoqda. Ammo tuman hokimining yer berish haqida ikki karra qaror chiqarib, yana o‘zi o‘sha qarorlarni bekor qilaverishi kishini o‘yga toldiradi. Bu o‘rinda murojaat qiluvchining e’tirozi o‘rinli. Nahotki yer berilguncha bu harakat qonunlarga zidligini tekshiruvchilar bilmagan yoki nufuzli tashkilotlar vakillaridan iborat 10 kishilik komissiya imzo chekkan xulosa ham xo‘jako‘rsinga bo‘lgan.

Biz maqolani Dilshodjon  Yusupov taqdim etgan hujjatlar asosida yozdik. Bu mavzu yuzasidan mutasaddi tashkilotlar o‘z munosabatlarini bildirsalar, mavzuga qaytishga tayyormiz.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring