Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiyaning Orano kompaniyasi Janubiy Jongeldi uran konini o‘zlashtiradi

Fransiyaning Orano kompaniyasi Janubiy Jongeldi uran konini o‘zlashtiradi

Fransiyaning Parij shahrida Orano Mining (Fransiya), ITOCHU Corporation (Yaponiya) va «Navoiyuran» davlat korxonasi (O‘zbekiston) o‘rtasida bitim imzolandi.

Bitim Navoiy viloyatining Tomdi tumanida joylashgan «Jongeldi» konida uran ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va boshqa qo‘shma loyihalar doirasida geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirishga qaratilgan.

Bitimga ko‘ra, «Jongeldi» konini ӯzlashtirishning birinchi bosqichida dastlabki hisob-kitoblarga asosan, loyiha uchun dastlabki kapital investitsiyalar taxminan 100 million dollarini tashkil etadi. Konining butun faoliyati davomida esa jami kapital investitsiyalar hajmi 200 million dollardan oshishi kutilmoqda.

Uran ishlab chiqarish hajmi yiliga o‘rtacha 500 tonnani, eng yuqori cho‘qqida esa yiliga 700 tonnagacha yetadi. Kapital investitsiyalarni yo‘naltirish davri uch yilni tashkil etadi.

Bitim shartlariga muvofiq, «Jongeldi» loyihasining asosiy sarmoyadorlari xorijiy kompaniyalar hisoblanadi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va loyihani «Navoiyuran» davlat korxonasining mavjud sanoat infratuzilmasiga integratsiya qilish maqsadida «Navoiyuran» DK loyihaning operatsion boshqaruvchisi etib tayinlandi.

Ma’lumot uchun, Fransiyaning Orano kompaniyasi  – yadroviy materiallar sohasida yetakchi xalqaro kompaniya bo‘lib, uran qazib olish, qayta ishlash va yadroviy yoqilg‘i sikli bo‘yicha yuqori qiymatli yechimlarni taklif etadi.

Yaponiyaning ITOCHU korporatsiyasi esa dunyodagi yetakchi savdo va investitsiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, metall, minerallar, energiya va sanoat sohalarida yirik loyihalarni amalga oshiradi. Kompaniya jahon bozoridagi pozitsiyasini mustahkamlash va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun innovatsion yechimlarni joriy etishni davom ettirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring