Fransiyalik musulmon Haj niyatida favqulodda jasoratga qo‘l urdi
Fransiyalik Nabil An-Nasriy muqaddas Haj ziyoratini ado etish uchun velosipedda Saudiya Arabistoniga qadar 5000 km yo‘lni bosib o‘tdi.
41 yoshli jahongashtaning mashaqqatli safar yo‘li 22 aprel kuni Parijdan boshlandi. U qariyb ikki oy davomida Italiya, Sloveniya, Xorvatiya, Chernogoriya, Bosniya va Hersegovina, Albaniya, Gretsiya, Iordaniya, Turkiya kabi 11 davlatni bosib o‘tdi.
Asli marokashlik Nabil An-Nasriy Fransiyada fuqarolik jamiyati faoli, yozuvchi va tahlilchi sifatida tanilgan. U turli ijtimoiy muammolar, xususan, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish va kamsitishlarga qarshi kurash bilan shug‘ullanadi.
«57 kunlik yo‘lchilikdan keyin Rasululloh masjidida ibodat qilishning farog‘ati o‘zgacha! Buni samolyotda yetti soat uchib kelib ibodat qilishga muqoyasa qilib bo‘lmaydi, albatta», – degan fransiyalik musulmon Madinai munavvaradagi Masjid an-Nabaviyda tayyorlagan videolavhasida.
An-Nasriy velosipedda safarga chiqqani sababini avvalo o‘tmishda qolgan olis ziyorat yo‘li an’anasini tiklash niyati bilan izohlagan. Qolaversa, u ekologik toza ulovda sayohat qilish orqali xalqaro hamjamiyat e’tiborini global isishga qaratmoqchi ekanini ta’kidlagan.
An-Nasriyning fikricha, global isish bugun insoniyat oldidagi eng jiddiy muammoga aylangan.
«Yer sayyorasi – umumiy uyimiz. Uni kelgusi avlod uchun asrab-avaylash barchamizning burchimizdir. Tabiatni, borliqni muhofaza qilish nechog‘li muhimligini musulmon jamiyatiga tushuntirishni hayotiy maslak deb bilaman. Negaki, global isish mohiyati va oqibatini hamon to‘liq anglab yetganimizcha yo‘q», – deydi jahongashta musulmon.
Ayni paytda Saudiyaning Hijoz mintaqasida islom dinining besh asosiy arkonidan biri – Haj amallari ado etilmoqda.
2019 yilda kurrai arzning turli o‘lkalaridan borgan 2,5 million musulmon ushbu farzni ado etish baxtiga musharraf bo‘lgan edi. Koronavirus pandemiyasi sabab keskin karantin cheklovlari joriy etilgach, Hajga boruvchilar soni misli ko‘rilmagan darajada qisqardi. Vaziyat biroz izga tushgach, 2022 yilda 926 ming kishi Haj amallarini bajarishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yil esa ikki milliondan ziyod musulmon muqaddas ziyorat uchun jamlandi.
Saudiya hukumati Haj arkonlari ado etiladigan Makkai mukarrama shahri, Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida xavfsizlik choralari ko‘rilib, zarur sharoitlar yaratilgani haqida ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter