Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fotoreportaj. Shavkat Mirziyoyev — «Navoiyazot»da!

Fotoreportaj. Shavkat Mirziyoyev — «Navoiyazot»da!

Foto: «President.uz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: «President.uz»

Mamlakat kimyo sanoatining eng yirik korxonasi — «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida uchta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bular «Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini qurish», «Ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlarini qurish» va «Azot kislotasini ishlab chiqarishni tashkil etish» loyihalaridir.

Foto: «President.uz»

Umumiy qiymati 1,7 milliard dollar bo‘lgan ushbu quvvatlar Xitoy, Yaponiya va Shveysariya bilan hamkorlikda barpo etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur korxonalar qurilishi bilan tanishdi.

Birinchi loyiha mamlakat kimyo sanoati uchun yangi turdagi mahsulotlar — 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda va 300 ming tonna metanol ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu majmua ishga tushirilgach, 900 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Foto: «President.uz»

Yaponiyaning «Mitsubishi Corporation» va «Mitsubishi Heavy Industries Ltd.» kompaniyalari bilan hamkorlikdagi ikkinchi loyiha doirasida eskirgan, ko‘p energiya talab qiladigan uskunalar zamonaviysiga almashtiriladi. Majmua yiliga 660 ming tonna ammiak va qariyb 580 ming tonna karbamid ishlab chiqarish imkonini beradi. Bugungi kunda bu yerda zamonaviy texnikalar jalb etilgan holda 40 asosiy ob’yekt qurilishi davom etmoqda.

Shveysariyaning «CASALE SA» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan uchinchi majmua 500 ming tonna xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

Foto: «President.uz»

Davlat rahbari loyihalar doirasida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadi. Belgilangan reja va vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, energiya tejamkor va mahsuldor texnologiyalarni qo‘llash orqali mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, kimyo tarmog‘i korxonalarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev chet ellik quruvchi va muhandislar bilan muloqot qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring