Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Fotografning yuragi — barmog‘i uchida». Taniqli ijodkor Abdug‘ani Juma bilan 110 metr balandlikda suhbatlashamiz (video)

«110 metr balandlikda» deb nomlangan yangi loyihamizning ilk mehmoni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abdug‘ani Juma.

Toshkent teleminorasida olib borilgan suhbat fotografiya san’ati, uning buguni va o‘tmishi, yutuqlari va kamchiliklari haqida kechdi.

— Abdug‘ani aka, siz ishtirok etmagan biror jarayon  bo‘lmasa kerak. Ya’ni, bosh suqmagan eshigingiz qolmagan, qayerda qurilish yoki qayta qurish, buzish ishlari borki, barchasini kadrga muhrlab kelgansiz. Albatta, mana shu minoraning bunyod etilishida ham ishtirok etgansiz.

— O‘tgan asrning 80-yillari Toshkent teleminorasida konstruksiya ishlari tugab, ichki intererlar qilinayotgan jarayonni suratga olish uchun kelganman. Eng baland qavatidan turib shaharni tomosha qilganman, suratga olganman. Qaytib tushay desam, lift ishlamayotgan ekan. Quruvchilar uchun maxsus kranlar ishlab turardi, lift ma’lum vaqtdagina ishlar ekan. Men u o‘chirilgan paytga to‘g‘ri kelib qolibman. Shunda 110 metrlik joydan piyoda tushganman. Ikki haftalar oyog‘im og‘rib yurgan. Bu yer bilan bog‘liq bilan birinchi xotiram tushirgan suratlarim, ikkinchisi mana shu.

Fotografiya sohasiga juda ko‘pchilik oddiy ishdek qarashadi, aslida u san’at, haqiqiy fotograf esa ijodkor hisoblanadi. Fotograf voqelikni ichiga kirib, uni tasvirlash imkoniga ega. Avvallari surat bir-ikki daqiqada olingan bo‘lsa, endi otilgan o‘qni kadrga tushirish imkoniga egamiz. Fotografiyaning yo‘nalishlari juda ko‘p — fotomuxbir, fotojurnalist, fotoreportyor. Ishimni fotomuxbirlikdan boshlaganman. Kezi kelsa portretchiman, kezi kelsa fotomuxbirman, kezi kelsa manzarachiman. Fotografiya orqali davrni baholaymiz.

Foto: Abdug‘ani Juma

— Tarixda olingan suratlar kelgusida biror asar, ya’ni roman yozilishi uchun asos bo‘lishi mumkinmi?

— Biz yuqorida surat davrni baholaydi, dedik. Bitta surati katta obro‘ olib kelgan fotograflar bor. Masalan, Parijda fotografiya auksionida bitta suratni bir million frankka baholashlari mumkin. Bir manzarali surat bundan ikki yillar oldin besh million frankka sotilgandi.

Har qanday ijod hissiyotlar bilan tug‘iladi. Fotografiya ham xuddi shunday. Avvalo, fotografning hissiyotlari bo‘lishi kerak. Keyin tashqi sezgi, rangni ko‘ra olish, yorug‘likni ajrata bilish, kompozitsiyani tasavvur qilish qobiliyatiga ham ega bo‘lish lozim. Mendan har doim yaxshi fotograf qanday bo‘lishi kerak, deb so‘rashadi. Aytamanki, fotograf qo‘lni nurga yo‘naltirib yorug‘lik qayoqdan kelayotganini bilsa, o‘sha yaxshi hisoblanadi. Ijodkor quyoshning chiqish va botish oralig‘idagi lahzani ham bilishi kerak. Ichkarida studiyada suratga olish boshqa narsa, tabiat qo‘ynida suratga olishni bilish boshqa narsa.

Foto: Abdug‘ani Juma

— Haqiqiy fotograf kuzatuvchan bo‘lishi kerak, shundaymi?

— Ha, shunday. Masalan, men birov bilan gaplashib ketayapman. Ammo xayolimda kadr bo‘ladi, ko‘zim tushgan narsa, qo‘limda garchi fotoapparat bo‘lmasa ham, ko‘nglimda kadr bo‘lib jonlanaveradi. Ya’ni, fotograf ham boshqa ijodkorlar singari o‘zi boshqa ish bilan mashg‘ul bo‘lsa-da, xayolida kadr bilan band bo‘ladi.

Foto: Abdug‘ani Juma

— Sizning suratlaringizni tomosha qilgan odam beixtiyor badiiylikni ko‘radi. Bunga sabab  — ko‘p shoirlar bilan do‘st bo‘lganingiz, ularni ijodini kuzatganingiz, ya’ni ko‘p kitob o‘qiganingiz  emasmi?

— Bunga sal boshqacharoq yondashish kerak. Har qanday yo‘nalishdagi ijodkor haqida gapirishganida, agar «yuqtirmagan» bo‘lsa foydasi yo‘q, deb aytishadi. Aslidayam shu, fotograflikni ham «yuqtirmasa» u baribir shunchaki suratga oluvchi bo‘lib qolaveradi, ya’ni olgan suratini san’at darajasiga olib chiqolmaydi. Masalan, haqiqiy foto ustasi, aytaylik, otda yugurib ketayotganda ham kadrni o‘ylab ketayotgan bo‘ladi.

Beshta fotograf bir joyda tabiat mazarasini kadrga muhrladi. Lekin o‘sha jarayonda hissiyoti va sezimi kuchli, tuyg‘usi, qalbi yonib turgan fotografning olgan surati boshqacha chiqadi. Undagi yoniqlik, tiriklik, uyg‘oqlik olgan suratiga ko‘chadi. Buni tomoshabin ham his qiladi. O‘sha manzarani bir paytda olgan, lekin xayoli boshqa yoqda, ichki tuyg‘ulari uxlab yotgan fotografning surati ham o‘ziga o‘xshagan hissiz bo‘ladi.

Foto: Abdug‘ani Juma

— Demak, yurakdan qilingan ish yurakka yetib boradi, deyishadi. Bu bir-biriga bog‘liq jarayon ekan-da.

— Fotografni yuragi barmog‘ining uchida. O‘sha kadrni bosayotgan lahzasida. Aynan shunday, boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Fotoapparatni bir otar, ikki otar va ko‘p otar qurolga o‘xshatish mumkin. Masalan, fotoapparatni avtomatga qo‘yib ham suratga olish mumkin. Lekin juda tez ishlayotgan fotoapparat muhim kadrni, asosiy lahzani o‘tkazib yuborishi mumkin. Ko‘p kadr olish uchun fotoapparatni tugmasini bosayotganingizda asosiy lahzani qo‘ldan boy berishingiz turgan gap. Men shuning uchun avtomatdan foydalanmayman. Men lahzani tutib olishga harakat qilaman.

Aytaylik, oromingizni o‘g‘irlagan kadrni olmoqchisiz, lekin quyosh boshqa yoqda. Aynan quyoshning boshqa tomondaligi sizning kadringizni buzib turibdi. Aynan o‘sha kadr chiqishi uchun quyoshni siz istagan tomonga o‘tishini bir soat, ikki soat, hatto olti soatlab kutishingizga to‘g‘ri keladi. Noyob suratni olish oson ish emas.

Foto: Abdug‘ani Juma

— Aytmoqchisizki, fotograf ham boshqa ijodkorlar kabi oylab, yillab oladigan suratini miyasida, qalbida pishitib yuradi.

— Men doimo yoshlarga aytaman. Sen chiroyli kadrlarni ko‘plab olishing mumkin. Lekin ular tuyg‘ularsiz. Haqiqiy ijodiy surat juda nozik jarayon hisoblanadi. Sen suratni qalbingda his qilsanggina ol.

— Bu sohada yoshlarning dunyoga chiqishiga siz qanday amaliy takliflar bera olasiz?

—Men katta-katta loyihalarni avvalo, o‘zimizda amalga oshirayotganim uchun chetga chiqish imkonim kam. Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Germaniya, Fransiya, Sankt Peterburg, Qozon, Qozog‘istonda ko‘rgazmalarim bilan ishtirok etganman. Eng katta ishlarimdan biri, yetti yillik mehnatim bo‘lgan davrni tarixga muhrlash – «Buyondkorlik epopeya»si bo‘ldi. Epopeya janri fotografiyada umuman bo‘lmagan. Birinchi bo‘lib men epopeyani yaratdim desam, kelib-kelib o‘zbek epopeyani yaratibdimi, deb hatto o‘zimiznikilar ham ishonmaydi yoki kuladi. O‘zbekiston tarixining «Oltin fondi»ga kirishimning ham asosiy sababi mana shu «Bunyodkorlik epopeyasi» bo‘ldi.

Foto: Abdug‘ani Juma

O‘zbek fotograflari chetga chiqishining foydali tomoni, xorijdan kelgan fotograflar o‘zbekni milliyligini bilmasdan chetga olib chiqqandan ko‘ra, o‘zimiznikilar yaxshiroq anglagan holda olib chiqqani afzalroq.

Chetdan kelgan fotograflar bizni anglamasdan turib milliyligimizni ko‘rsata olmaydi. Ular bizning tuproqning hidini his qilmaydi. Haqiqiy ijodkor tuproqni hidini his qilishi, suvni ta’mini bilishi, odamning nafas olishini eshita bilish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Odamni qonida bo‘ladi deyishadi. O‘sha qondagi bor iqtidorni bilim orqali rivojlantirish kerak. Men qishloqda o‘sgan bo‘lsam ham ota-onamdan toabad minnatdorman, bizni to‘laqonli og‘ir jismoniy mehnatdan ozod qilishgan, otam oddiy odam, ya’ni suvchi bog‘bon o‘n nafar farzandining hammasini oliy ma’lumotli qilishga erishgan.

Men bobomni Jumavoy hofiz deyishardi. Bobom doston kuylagan. Men esa otamdan eshitganim «Alpomish» dostonini besh yoshimda 90 foiz yoddan bilardim. Alpomish bilan Barchinoyni muhabbatini ishonasizmi, to‘laqonli his qilganman. Besh yoshli bolaga muhabbatni his qildirish bu bizning adabiyotimizningnaqadar kuchli ekanligidan dalolat. Barcha san’atlar bir birini to‘ldiradi va oziqlantiradi. Fotograf kulolniyam, haykaltaroshniyam, ganchkorniyam ishini bilishi kerak. Yaxshi fotograf adabiyotni sevishi lozim, arxitekturani, rang tasvirni grafikani tushunishi zarur. Ganchkor Usta Shirinni Buxoro Amirining yozgi arkidagi qabulxonasi ishi orqali Mikalanjelo, Leonar Da Vinchi kabi mashhurlar qatoridagi talant egasi, deb baholagan bo‘lardim.

Yoki menga musiqa qanday ta’sir qiladi. Masalan, Betxovenning 9 simfoniyasini yotib eshitsangiz turolmay qolasiz. Motsartni ham shunday. Xo‘sh, u nimaning ta’sirida buni yozgan va uni ta’sirlantirgan asar eshituvchiniyam shunday ta’sirlantirishi — bular bir-biriga bog‘liq.

Foto: Abdug‘ani Juma

— Sizni tutolmagan lahzangiz bormi, orzuingizda hali ololmagan suratingiz...

— Ustaxonamda ko‘rgan bo‘lsangiz katta-katta qutilar bor, o‘shalarning barisi negativlar, kadrlar — shularni ro‘yobga chiqarishim, kitob qilishim kerak, ikkinchisi — fotograf qirq yoshgacha, ellik yoshgacha hamma ishini qilib qo‘yish kerak. Sababi — vaqt o‘tgach, jismoniy kuch-quvvat kamayadi, sezgi kamayadi. Shu uchun men vaqtida «Bunyodkorlik epopeyasi»ni yaratdim. Hissiyot, tuyg‘u, hayratlar avvalgidek bo‘lmaydi. Chunki siz endi professionallashib ketgan bo‘lasiz, hamma ishni qoyil qilib tashlab qo‘yaverasiz. «Bunyodkorlik epopeyasi»ni yaratganimning sababi men boshqa tomondan o‘zimni topishga harakat qildim, o‘zimda yangilik yaratmoqchi bo‘ldim va bunga erishdim, deb o‘ylayman.

Kitob, musiqa fotografga nimaga kerak, tuyg‘ularni, hissiyotlarni uyg‘otish, ehtiroslarni balandlashtish uchun kerak, hayratlanish uchun kerak.

Foto: Abdug‘ani Juma

— Yaxshi fotograflarni o‘zimizda olib qolish uchun, ularni rivojlantirish uchun qanday takliflaringiz bor.

— Bizda birorta universitet yoki joy yo‘qki, fotografiyani o‘rtacha o‘rgata olayotgan bo‘lsa. Bir necha yil oldin Milliy universitetda mening «Mahorat maktab»im ochildi. Birinchi navbatda, kirish joyga katta ko‘rgazma qilib qo‘ydim, fotografiya bu nima ekanligini anglab olishlari uchun. Otasi fotodelodan bir paytlar dars bergan bir o‘qituvchi bilan suhbatlashib qoldim, suhbat orasida «fotografiya bu ijod emas», dedi. Men «Siz  sohaning odami bo‘la turib shu gapni aytayapsizmi, sizni ishdan haydash kerak», deb ochiqchasiga aytdim. Bilasizmi, bu juda ayanchli fakt.

Milliyligimizni o‘zimizdan chiqadigan kadrlar ko‘rsata oladi. Chetdan keladigan professionallar ming marta yaxshi suratga olmasin, tashqi tomondan yondashadi.

Men har doim aytaman, muharrir ham kerak bo‘lsa, fotojurnalistikadan xabari bo‘lsin. Masalan, beshik bilan bog‘liq bir surat. Do‘ppi kiygan chol bobo beshikni yelkasida ko‘tarib turibdi. Buni barcha jurnal va gazetalar yoritdi. Lekin beshikni yelka uzra yoki bosh uzra ko‘tarish an’anamizga to‘g‘ri kelmaydi. Tobut yelka uzra ko‘tariladi. Bir shogirdim aytib qoldi, ayollar to‘yxonaga beshikni yelkasida ko‘tarib kirishdi, bu qanday holat. Bunday paytda biz ularga bu mumkin emasligini aytishimiz va suratga shu holatda olmasligimiz kerak. Chunki biz olgan surat ertaga an’anaga aylanib ketishi mumkin.

Foto: Abdug‘ani Juma

— Ko‘p hollarda suratkashlar qahramonlarni alohida tayyorgarlik bilan kadrlarga olishadi, ayniqsa, dalalarda, bunga qanday qaraysiz.

— Bir paytlar mexanizatorni suratga olishim kerak bo‘lib qoldi. Men suratga olmoqchi bo‘lgan qahramon oftobda qorayib ketgan ekan. Sho‘r suvga yuzini yuvgani uchun ranggi ham juda xira, qolaversa, 12 yoshli farzandi ham vafot etgan, qayg‘u uni yanada qoraytirib yuborgan edi. Qanday bo‘lsa shundayligicha suratga oldim. Buni ko‘rgan redaktor bu surat buncha qora, deydi. Men bu mexanizator-ku dedim. Qachongacha, biz oddiy mehnatkashni, zahmatkashni artistga o‘xshatib olishimiz kerak. Nima uchun haqiqiy mehnatkashlar chetda qolishi kerak, gazeta, jurnal ko‘rmay o‘tib ketishi kerak, dedim.

Abdug‘ani Juma. Foto: Xabar.uz

— Fursatdan foydalanib, yoshlarga nima degan bo‘lar edingiz.

— Bizning «Hayot»markazimizda bir qancha yoshlar bilan muloqot qilish imkonimiz bor. Hammamiz topganimizni o‘rtada «baham» ko‘ramiz. Bir-birimizni ishimizni, ijodimizni kuzatamiz. Yoshlarga aytadigan gapim: mukammallikka intilishsin, shaxs kamolotini shakllantirishsin. Aslida bu suhbatga rozi bo‘lganimning sababi yoshlarga mahoratimni, tajribalarimni, bilganlarimni aytgim kelgan edi...

— Mazmunli suhbat uchun rahmat.

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring