Favqulodda vaziyatlar vazirligi Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi tuz bo‘roni yuzasidan izoh berdi
Bugun, 31-may kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan «2018- yilda sel-toshqin va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan aholini va hududlarni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar» mavzusida brifing o‘tkazildi. Unda «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri ham ishtirok etdi.
Dastlab Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Dadaxonov ma’ruza qildi. U joriy yilda Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida yuz bergan kuchli sel toshqinlari talofatlari va ularga qarshi ishlab chiqilgan chora-tadbirlar haqida gapirdi.
Joriy yilning 27-may kuni Xorazm va Qoraqalpog‘istonda noqulay ob-havo natijasida tuz bo‘roni kuzatilgandi. Mazkur hodisa natijasida insonlar sog‘lig‘i va ekin-tikinlar xavf ostida qoldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Samandar Hikmatullayev mazkur hodisaga izoh berdi:
— Qoraqalpog‘iston va Xorazmda kuzatilgan mazkur hodisaga Orol dengizining qurigan hududlaridan ko‘tarilgan tuz bo‘roni sabab bo‘lgan. Ekspertizadan o‘tkazilganda, bu tuz tarkibidagi moddalar o‘simliklar va inson sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirmasligi aniqlandi. Ushbu hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun kerakli choralarni ko‘rayapmiz. Ulardan biri eski dengiz o‘rnida saksovullardan iborat «yashil belbog‘lar»ni tashkil etish, shu orqali ekologik falokat xavfini kamaytirishdir. Bundan tashqari mazkur hududda tadqiqotlar olib borib, aholini tuzli bo‘ron va shunga o‘xshash holatlardan ogohlantirib turamiz. Aholi orasida tushuntirish ishlari ham olib boriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter