«Farmkontrol» dorixonalarni qalbaki dorilardan ogohlantirmoqda
SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi O‘zbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarni qalbaki dorilar savdosi yuzasidan ogohlikka chaqirmoqda.
Markaz axborot xizmatining ta’kidlashicha, dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonun va qonunosti hujjatlariga, shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga majburiy rioya etish farmatsevtika sohasida litsenziya talablari va shartlari etib belgilangan.
«Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Hukumatning 80-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra esa davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, sifatsiz, qalbakilashtirilgan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, davlat ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini saqlash va (yoki) realizatsiya qilish litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanib, litsenziyani bekor qilishga asos bo‘lishi eslatilmoqda.
«Yuqoridagilarga asosan, mazkur litsenziya talablari va shartlarini buzgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi (idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar) barcha tashkilotlarni faoliyat uchun berilgan litsenziyasi bekor qilinib, qat’i choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiramiz», – deyiladi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi axborot xizmati ma’lumotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyati Chortoq tuman tez yordam bo‘limi feldsheri uy sharoitida bir nechta nomdagi dori vositalarini ishlab chiqargani va ularni Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarib kelgani aniqlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter