Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi premerasi qachon bo‘lishi ma’lum qilindi

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi premerasi qachon bo‘lishi ma’lum qilindi

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmining premerasi 15-18 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «O‘zbekistonning madaniy merosi – yangi Renessans poydevori» an’anaviy madaniy meros haftaligi doirasida o‘tkaziladi. Bu haqda «O‘zbekkino» Milliy agentligi Axborot xizmati ma’lum qildi.

Haftalikning ilk kuni Yoshlar ijod saroyida IV Xalqaro kongress tashkil etiladi. Ushbu kongressda rasmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari, 40 dan ortiq mamlakatlardan kelgan 300 dan ortiq mutaxassis va ekspertlar ishtirok etadi. Shuningdek, 1000 dan ziyod olimlar va boshqa nufuzli mehmonlar qatnashadi. «O‘zbekistonning madaniy merosi – yangi Renessans poydevori» IV Kongressining ikki kuni xorijiy olimlarning O‘zbekiston madaniy boyliklarini tadqiq qilish haqidagi ma’ruzalariga bag‘ishlanadi.

Kongressning 3 kuni — 17 dekabr O‘zbekiston milliy kinematografiyasiga bag‘ishlanadi. Aynan shu kuni «O‘zbekkino» MA buyurtmasiga binoan suratga olingan, O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tomonidan Oskar-2020 mukofotiga nomzod etib ko‘rsatilgan rejissyor Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» badiiy filmi namoyish etiladi. Film shuningdek, «Moskva premerasi» xalqaro festivalida Gran-pri mukofotini qo‘lga kiritdi. «Oltin globus» sovrinining «Eng yaxshi xorijiy film» nominatsiyasiga da’vogarlar ro‘yxatidan joy oldi.

Filmda o‘tgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko‘rsatgan ta’siri bir oila misolida ochib beriladi.

Ssenariy muallifi va rejissyor Yolqin To‘ychiyev, postanovkachi operator Bahodir Yo‘ldoshev, postanovkachi rassom Bektosh Rajabov, film direktori Shavkat Rizayev. Rollarda — Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona O‘ljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiquliyeva va boshqalar.

Haftalik Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida o‘tkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring