Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farhod Mannopov – «Mittivine»ning o‘limi bilan bog‘liq qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum bo‘ldi

Farhod Mannopov – «Mittivine»ning o‘limi bilan bog‘liq qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum bo‘ldi

Joriy yilning 5-mart kuni vafot etgan «Mittivine» taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov operatsiya qilingan klinikadagi shifokorda malakaviy toifa bo‘lmagan. Bu haqda SSV blogerning o‘limi yuzasidan «Star Med Center» klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalarida ma’lum qilmoqda.

Tekshirishda aniqlanishicha, bemor F.Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda bir qator litsenziya talab va shartlari buzilgan.

Xususan, Farhod Mannopov operatsiya qilingan «Star Med Center» klinikasida bemorga anestiziolog va reanimatolog sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor J.Q.da malakaviy toifa bo‘lmagan.

Anestiziolog va reanimatolog shifokorning malakaviy toifasini tasdiqlovchi amaldagi hujjat taqdim etilmagan.

Vazirlikka ko‘ra esa tibbiy faoliyat litsenziyasi talab va shartlariga vrach-mutaxassislarda tegishli tibbiy mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot va malakaviy toifa hamda malaka oshirish bo‘yicha amaldagi sertifikat mavjud bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, Farhod Mannopovning plastik jarroh shifokori ham yetarli tajribaga ega emas bo‘lib chiqdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, plastik jarroh shifokori E.A. Andijon davlat meditsina institutining davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishini 2019-yil 17-iyunda tugatgan.

«U bemor Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun kamida birinchi malakaviy toifaga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan.

Lekin  «Omad plyus» MChJ tomonidan plastik jarroh shifokori E.A.da malakaviy toifasi bo‘lmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilgan», – deyiladi SSV ma’lumotida.

Bundan tashqari, bosh va burun sohasidan jiddiy jarohat olgan blogerga tibbiy xizmat ko‘rsatgan laborant shifokor J.Sh. hamda ultratovush tekshiruvlari shifokori R.S.ning o‘zlari faoliyat yuritayotgan tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlar tekshiruvda taqdim etilmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring