Farg‘onalik hokimlar Yaltada dam oladi
Farg‘ona viloyatining barcha tuman va shaharlari hokimlari 2022-yil 1 yanvardan 15 yanvargacha ta’tilga chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha mahalliy hokimlik hamda sektor rahbarlarining mehnat ta’tiliga chiqishi va davolanishini 2 bosqichda o‘tkazishni ma’qullagan. Ta’til «Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunning 21-moddasi asosida va Prezident Administratsiyasining 25 dekabrdagi topshirig‘iga asosan o‘tkazilmoqda.
Birinchi bosqichda ta’tilga chiqayotgan tuman va shahar hokimlarining vazifalari vaqtinchalik hokim o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq qarorlar va farmoyishlar tuman va shahar hokimi vazifalarini bajarish vaqtincha yuklangan hokim o‘rinbosarlari tomonidan tuman va shahar hokimi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
Shuningdek, hokimlarga ularning o‘rinbosarlarini 17 yanvardan sog‘lig‘ini tiklash maqsadida mehnat ta’tiliga chiqarishni ta’minlash topshirildi. Shahar va tuman hokimlari Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son va 2-son shifoxonalari, «Qibray», Qrimdagi O‘zbekiston va Yalta hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasining «Chinobod Plaza», «Turon» va «Oqtosh» sanatoriylarida sog‘lig‘ini tiklaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter