Fanatlar qanday dardga yo‘liqadi? Futbol ko‘rish foydalimi o‘zi?
Futbolga qiziqmaydigan odam kamdan-kam topiladi, jahon chempionatlari paytida-ku hatto sportga unchalik qiziqmaydiganlar ham ashaddiy ishqibozga aylanishadi. Xo‘sh, sevimli jamoaga muxlislik qilishning sog‘liqqa qanday ta’siri bor? Foydalimi yoki zararli?
Yurak
Plyus. Yoqtirgan jamoangizga ishqibozlik qilganda yurak urishi tezlashadi. Bu esa yurak mushagi va qon tomirlarni shug‘ullantiradi. Olimlar futbol musobaqasini tomosha qilayotgan ko‘ngillilarda tadqiqot o‘tkazishdi. 22 daqiqalik tomoshadan so‘ng tajriba ishtirokchilarining pulsi xuddi tez yurgan vaqtdagi kabi ura boshlagan.
Minus. O‘yin natijasiga haddan tashqari ko‘p kuyunilsa, puls daqiqasiga 160 martagacha urishi mumkin. Yuragida muammosi borlar uchun bu halokatlidir. Ulardagi yurak qisqarishi infarktga sabab bo‘lishi mumkin.
Maslahat. Musobaqani tomosha qilayotganda alkogol ichmang va sigareta chekmang. Spirtli ichimlik yurakka ortiqcha yuklama bersa, nikotin tomirlarni toraytiradi va shu tariqa arterial bosimni ko‘taradi.
Bu qiziq
Sport dasturlarini tomosha qilishni yoqtiradigan keksalar sportga mayli yo‘q kishilarga qaraganda o‘rtacha bir yarim yil ko‘proq yashashadi. Buning sabablaridan biri — muxlislarga xos dilkashlik. Negaki, do‘stlarning borligi umrni bir necha yilga uzaytirishi hech kimga sir emas.
Miya
Plyus. Buni qarangki, futbol ko‘rish — miyani ajoyib tarzda shug‘ullantirar ekan. O‘yinni kuzatayotib istar-istamas maydonda g‘alabaga olib kelishi mumkin bo‘lgan strategiyani tuzib chiqasiz. Chikago universitetida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ishqibozlar e’tiborli, taktik va strategik vazifalarni tuzishga kuchli bo‘lishadi, ularga, ayniqsa, tez qaror qabul qilish xos.
Minus. Yoqtirgan jamoangiz o‘yinidan asabiylashganda stress gormoni — kortizol ajraladi: u miya hujayralarini shikastlashga qodir. To‘g‘ri, kortizol uzoq vaqt ta’sir qilgandagina salbiy asoratlarga olib kelishi mumkin.
Maslahat. O‘yindan so‘ng sayrga chiqing yoki nafas mashqini bajaring. Stressli vaziyat barham topsa, odam charchab qoladi — dam olib, zaxiralarni tiklash lozim. Agar ushbu bosqichdan to‘g‘ri o‘tiladigan bo‘lsa, stress tanaga zarar yetkazmaydi. Aksincha, o‘ziga xos mashg‘ulot vazifasini o‘taydi.
Bu qiziq
Musobaqani ko‘rish paytida miyaning dofamin ishlab chiqarishga mas’ul sohalari faollashadi — bu gormondan qoniqish va xursandchilik hissini beradi. Olimlarning aniqlashicha, dofamin miqdori sevimli jamoangiz yutgan yoki yutqazganiga bog‘liq emas.
Vazn
Plyus. Futbol musobaqasini tomosha qilish — ozishning yaxshi usuli. Bunga nafaqat puls va nafas olishning tezlashishi, balki mushaklar zo‘riqishi ham yordam beradi. Olimlarning aniqlashicha, ishqibozlar g‘ayriixtiyoriy ravishda sportchilarga taqlid qilishga urinishadi. Xuddi to‘pni tepmoqchi bo‘layotgan o‘yinchilar kabi oyoqlarini ko‘tarib qo‘yishadi. Sevimli jamoangizga uyda muxlislik qilsangiz, tana bitta o‘yinda taxminan 200 kkal. energiya yoqadi. Bordi-yu, yoqtirgan jamoangizni maydonda qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsangiz, chamasi 350 kkal. yo‘qotasiz!
Minus. Futbolni pivo ichib, chips yeb tomosha qilsangiz, qad-qomatga ijobiy ta’sirlari yo‘qqa chiqadi. Ustiga-ustak, televizor qarshisida o‘tirganda keragidan ortiq yeb qo‘yish ehtimoli katta. Miya ekrandagi voqealar bilan band, shu bois to‘qlik hissi haqidagi signalni yuborishga kechikadi.
Maslahat. Televizor qarshisiga o‘rnashishdan oldin ovqatlaning. Dasturxonni qo‘shimcha yeguliklar bilan to‘ldirmang.
Bu qiziq
Sport ishqibozlari odatda sportga loqayd kimsalarga qaraganda faolroq turmush tarzini olib borishadi. Olimlarning fikricha, sportchilarning kelishgan, shug‘ullanilgan tanasi odamlarni kundalik jismoniy yuklamani oshirishga majbur qiladi.
Kayfiyat
Plyus. Amerikalik olim Pol Bernxardt muxlislarda gormonal fon o‘zgarishini o‘rgangan. Buni qarangki, musobaqa paytida tribunada o‘tirganlarning testosteron darajasi o‘rtacha 20 foizga oshgan. Bu gormon esa odamning o‘ziga bo‘lgan bahosini oshiradi va xavotir hissidan xalos etadi.
Minus. Yuqori testosteron darajasi tajovuzkorlikni kuchaytirishi mumkin. Bejizga sport ishqibozlari o‘rtasida urish-janjallar ko‘p kuzatilmaydi. Futbol musobaqalari vaqtida uydagi to‘palonlar soni esa o‘rtacha 30 foizga ortadi.
Maslahat. Shovqin solib muxlislik qiling: baqiring, o‘yinchilarni qo‘llab-quvvatlang, yutqizib qo‘yganda qichqirib alamingizni olishdan uyalmang. Bularning bari tajovuzkorlikni kamaytiradi.
Bu qiziq
1970 yili Meksika turmalaridan birida o‘limga hukm qilingan mahbus so‘nggi tilagida – milliy terma jamoa o‘yinini tomosha qilishni so‘raydi. Jamoa mag‘lub bo‘ladi, baxtiqaro ishqiboz esa hukm ijro etilishiga bir necha soat qolganda infarkt tufayli hayotdan ko‘z yumadi.
Psixolog fikri
Psixologiya nuqtai nazaridan sevimli jamoaga ishqibozlik qilish foydali. Bizning hayotimizda ko‘pincha kuchli ijobiy his-tuyg‘ular yetishmaydi. Terma jamoaga berilib muxlislik qilganda esa hissiyotlar jo‘shadi. Ayniqsa, g‘alaba qozonganda. Hatto jamoaning mag‘lubiyati ham muayyan darajada foyda keltiradi. Negaki futbol maydonidagi muvaffaqiyatsizlik avval yig‘ilib qolgan salbiy kechinmalarni yo‘qotish imkonini beradi. Shunday ekan, futbol ko‘rishni depressiyaning o‘ziga xos profilaktikasi deb hisoblash mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter