Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YeXHT Rossiyadagi saylovda haqiqiy raqobat bo‘lmaganini ta’kidladi

YeXHT Rossiyadagi saylovda haqiqiy raqobat bo‘lmaganini ta’kidladi

Foto: «EADaily»

Yakshanba kuni Rossiyada bo‘lib o‘tgan prezident saylovi haqiqiy raqobat yetishmasligi, so‘z, yig‘ilish va birlashmalar erkinligi cheklangan sharoitda o‘tkazildi.

Bu haqda dushanba kuni YeXHT Parlament assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson xuquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda ma’lum qilindi.

Tashkilotlar, jumladan, protokollar ishlab chiqilgandan so‘ng birinchi o‘rinni olgan amaldagi prezident Vladimir Putin saylovoldi kampaniyasi davrida qolgan nomzodlarga nisbatan ko‘proq efir vaqtini olganini ta’kidlashdi.

Saylov davrida raqobatga ta’sir ko‘rsatgan omil nomzodlarni ro‘yxatga olishdagi cheklov bo‘ldi.

YeXHT kuzatuvchilari, shuningdek, saylovchilar ko‘proq kelishini ta’minlash maqsadida ularga bosim o‘tkazilgani, saylov to‘g‘risidagi qonun buzilgani haqida bayonot bergan faollarning ushlangani, saylovni yoritayotgan OAV uchun cheklovlar joriy etilganiga e’tibor qaratishdi.

Shu bilan birga YeXHT 18-martdagi saylov tashkiliy jihatdan yaxshi uyushtirilganini, Markaziy saylov komissiyasi samarali faoliyat yuritganini ta’kidladi. Tashkilot mamlakat hududlarida rossiyaliklarning ovoz berishi uchun ruxsat bermagan ukrain rasmiylarining harakatlarini asosiy huquqlarni buzish sifatida baholadi.

Vladimir Putin dushanba kuni Kremlda qolgan yetti nomzod bilan uchrashdi va mamlakat farovonligi yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi. Ungacha esa KPRF nomzodi Pavel Grudinin Putinning g‘alabasini tan oldi, shu bilan birga bo‘lib o‘tgan saylovni amaldorlarning harakati tufayli g‘irrom deb atadi.

Protokollarning 99,84 foizi hisoblab chiqilganidan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Vladimir Putin saylovchilarning 76 foiz ovozini olgan, bu Rossiya saylovlaridagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring