Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Evtanaziya – ixtiyoriy o‘lim: huquqmi, jinoyatmi, erkinlikmi?

Evtanaziya – ixtiyoriy o‘lim: huquqmi, jinoyatmi, erkinlikmi?

foto: internet, ochiq manba

Joriy yilning fevral oyida Nederlandiyaning sobiq Bosh vaziri va uning rafiqasi evtanaziya – ya’ni «o‘z xohishiga ko‘ra o‘lishga» qaror qildi. Siyosatchi shaxsning bu tarzda «joniga qasd» qilishi qariyb 200 yildan buyon muhokamada bo‘lib kelgan mavzu – evtanaziyaning yana OAV e’tiboriga tushishiga sabab bo‘ldi.

«Evtanaziya» atamasining kelib chiqishi qadimgi yunoncha «eu» – yaxshi va «Thanatos» – o‘lim so‘zlaridan olingan bo‘lib, ushbu atama ilk bor tarixchi Suyetonius tomonidan qo‘llangan. U imperator Avgustning vafotini «o‘z rafiqasi Liviyaning qo‘lida tez va azob chekmasdan, o‘zi orzu qilgan evtanaziyada jon berdi», deya ta’riflaydi. XVII asrdan so‘ng bu termin ilm-fanda faol qo‘llana boshlandi.

Tibbiy izohlarga ko‘ra, agar bemor surunkali kuchli og‘riqlardan azob chekayotgan bo‘lsa yoki qattiq shikastlangan miya jarohatini boshidan kechirgan va ortiq fikrlash – o‘zini boshqarish qobiliyatiga ega bo‘lmasa, yoki sun’iy moslamalar bilan yashayotgan va hushiga kelish uchun ortiq umid qolmagan bo‘lsagina evtanaziya chorasi qo‘llaniladi. Ya’ni qonuniy, shifokor yordami bilan bemorning hayotiga nuqta qo‘yiladi. Jarayonni tashkil qilish uchun, albatta, shifokor yoki tibbiy shaxs ishtiroki kerak, aks holda bu o‘z joniga qasd qilish yoki birovning hayotiga suiqasd qilish deb hisobalanishi mumkin. Shu boisdan ham ba’zi mamlakatlar evtanaziya so‘zining o‘rniga, «shifokor yordamida joniga qasd qilish» (assisted suicide) degan iborani qo‘llashadi.

Ammo hammasi ham bu qadar oddiy va «qonuniy» emas. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida «yashash huquqi» har bir insonning, uning millati, irqi, jinsidan qat’i nazar eng dastlabki huquqi hisoblanishi qayd etilgan. Evtanaziyani qabul qilishda aynan shu umumbashariy huquq buzilishi tabiiy. Ikkinchidan, jarayonni tashkil qilishda ishtirok etuvchi shifokor Gippokrat qasamyodini qabul qilgan shaxsdir. Har bir shifokor esa o‘z vazifasiga kirishishidan avval «basharti kimdir mendan so‘rasa ham, hech qachon o‘limga sabab bo‘ladigan yo‘riqnoma, dori, maslahat ham bermayman», deya qasamyod qabul qiladi. Masalaning uchinchi tomoni esa evtanaziyani tashkil qilishda sarflanadigan mablag‘. Britaniyalik tadqiqotchilar Shvetsariyada «o‘z xohishiga ko‘ra o‘lim»ni amalga oshirish uchun qancha mablag‘ sarflanishini aniqlashgan va ular britaniyaliklarning o‘rtacha oylik maoshi bilan hisoblaganda bu summa juda katta ekanligini, o‘rtamiyona oila vakillarining bunga qurbi yetmasligini tanqid ham qilib qo‘yishgan.

Evtanaziya bir necha shakllarda tashkil qilinadi: ixtiyoriy, noixtiyoriy va ixtiyorsiz. Ixtiyoriy evtanaziya bu bemorning xohishi, ya’ni uning hayotini kuchli og‘riqlar va davosi yo‘q kasallik bilan davom ettirishni xohlamasligi to‘g‘risidagi istagi bilan. Noixtiyoriy evtanaziya G‘arb mamlakatlarida «bolalar evtanaziyasi» termini bilan mashhur bo‘lib, bunda yashab ketish belgilari bo‘lmagan bolalar uchun qabul qilinadigan ota-onaning qarorlari. Ixtiyorsiz evtanaziya esa jinoyat deb qabul qilingan va bu holatda bemordan so‘ralmasdan uning joniga qasd qilish tushuniladi. Har uchala shaklning ham aktiv va passiv jihati mavjud. Passiv evtanaziyada bemorning hayotini yaxshilash uchun beriladigan dorilarni to‘xtatish (koma holatidagi bemorning yashash belgilari namoyon bo‘lmaganda moslamalardan uzish ham) qo‘llaniladi. Aktiv evtanaziya esa bemorga o‘ldiruvchi dori berib hayotini to‘xtatishni nazarda tutadi.

Evtanaziyani tarixda ilk bor 2001 yilda Niderlandiya hukumati qonuniylashtirdi. Bir yildan so‘ng esa ushbu qonun Belgiyada qabul qilindi. 2009 yilda esa Janubiy Koreya miyasidan jarohat olgan o‘z qarindoshining texnik moslamalardan uzib tashlash to‘g‘risidagi oilaning talabini ko‘rib chiqib, qonuniy ruxsat berishdi va «qadr-qimmatli o‘lish huquqi» deya qonuniy band kiritishdi. Biroq Janubiy Koreyada bu masala hamon muammoli. Boisi agar bemor o‘z hushida bo‘lmasa va uni hayotiy moslamalardan uzib qo‘yish qarorini shifokor qabul qilsa jinoyat deb qaraladi. Lekin bu qarorni yaqinlari bersa qay darajada adolatli bo‘lishi katta savol ostida qolmoqda.

Ushbu «suiqasd» xizmatidan foydalanishlar statistikasiga ko‘ra, Kanada davlati 13,102 nafar o‘limlar soni bilan birinchi o‘rinni zabt etib turibdi (2022) va bu esa avvalgi yilga nisbatan 30 foizga ko‘p degani. Hukumat qarori bilan evtanaziya to‘g‘risidagi qonunga bir qancha o‘zgartirishlar kiritilganidan so‘ng, bu xizmatdan foydalanuvchilar soni orta boshladi. Ya’ni, endilikda kanadaliklarga nafaqat miya falajligi yoki evtanaziyaning boshqa shartli holatlarida emas, balki surunkali kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga ham ruxsat berildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti mamlakatning bu qonunidan mamnun emasligini yashirmaydi va mutaxassislar ushbu qonun kelgusida imkoniyati cheklangan insonlarni ham evtanaziyaga jalb qilishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Tadqiqotchilarga ko‘ra, Kanada «o‘z xohishiga ko‘ra joniga qasd qilish»ning eng cho‘qqisida turganligining boisi, mamlakat aholisining o‘z hayotidan qoniqmasligi va insonlarning o‘zaro jamiyatda mehr-oqibat yetishmasligi sababli deb topildi.

Kanadaning bu yo‘nalishdagi ildamligiga balki mamlakatda bo‘lgan bir necha bahslar sababdir. Aniqrog‘i, evtanaziya haqidagi bahslar o‘tgan asrning oxirlariga kelib Kanadaning asosiy ijtimoiy muammosiga aylandi. 1990 yilda Rodrigez ismli Kanada fuqarosi Amyotrofik lateral skleroz (ALS) kasalligi tufayli hayoti tugab borayotganligidan xabar topadi va shifokorga bu jarayonni tezlashtirishini taklif qiladi. Bu kichik iltimos keyinchalik sudgacha yetib boradi va Rodrigezga «suiqasd va jinoyatga da’vat qiluvchi harakatlari uchun» jazo beriladi. Biroq 1994 yilda Rodrigez Britaniyada anonim shifokor yordamida o‘z joniga qasd qiladi. Kanada esa 2016-yilga kelibgina evtanaziyani qonuniylashtirdi.

Evtanaziya uchun murojaat qiluvchi bemorlarning katta qismini (ALS) (Amyotrofik lateral skleroz) kasalligi bilan og‘riganlar tashkil qiladi. Bu kasallik miya neyronlarining mushaklar bilan aloqasi to‘xtashi, ya’ni tananing falajlanishi va yakunda barcha a’zolarning ishdan chiqishini anglatadi. Aynan shu kasallik bilan hayot kechirgan Stiven Hoking esa «hayot qanchalik yomon bo‘lmasin, unda doim nimadir qilish, uddalash va muvaffaqiyat qozonish mumkin», deydi. Vaqtning qisqa tarixini yozgan olim Stiven Hokingga 21 yoshida ALS kasalligi tashxisi qo‘yildi va unga 4 oy umri qolgani aytildi. Tarixchi olim esa o‘lim tashxisi qo‘yilganidan 55 yil o‘tib vafot etgan. Ya’ni tibbiyot ham xato qilishi yoki inson psixologiyasi tananing har qanday jismoniy kasalliklaridan kuchli bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, dunyoning hech bir diniy qarashlari «o‘z xohishi bilan joniga qasd qilishni» qo‘llab-quvvatlamaydi. Biroq London cherkovi passiv turdagi evtanaziyani zarur holatda tashkil qilishga ruxsat bergan. Isroil Oliy sudi ham aynan shu turdagi o‘limni qo‘llash mumkinligini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi yangiliklari saytida esa o‘z joniga qasd qilishning har qanday turi qattiq qoralanishi haqida ma’lumot berilgan. Qolaversa, diniy masalalar bo‘yicha Call markazida ham evtanaziya qo‘llash holatlari haqida so‘raganimizda, bu islomiy qarashlarimizga zid ekanligini va ushbu turdagi harakatlar gunoh sanalishini ta’kidlashdi.

Mamlakatimiz qonunchiligida shu vaqtga qadar evtanaziya haqida biror band bo‘lmagan. Ammo bu turdagi o‘limga umumiy Jinoyat kodeksi bilan qotillik yoki suiqasd deb qaralgan. O‘tgan yili milliy qonunchiligimiz uchun katta tibbiy moddalar to‘plami bo‘lmish – Aholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksi tasdiqlandi. Ushbu yangi kodeksning 108-moddasi bilan O‘zbekiston Respublikasida evtanaziyaga butkul taqiq qo‘yildi: Evtanaziya davolash imkoni bo‘lmaydigan bemorning o‘limini tezlashtirish to‘g‘risidagi iltimosini har qanday harakatlar yoki vositalar bilan qondirish, shu jumladan, giyohvand vositalarini yoki boshqa vositalarni kiritish, shuningdek, kasallikning noqulay oqibati bo‘lgan hollarda uning hayotini saqlab qolish uchun ko‘rilgan sun’iy choralarni to‘xtatishdir. O‘zbekiston Respublikasida evtanaziyani amalga oshirish taqiqlanadi.

Evtanaziya mavzusini dunyo muhokamasiga qo‘yish orqali milliardlab insonlarning ochlik, kambag‘allik va urush muammolari ustidan kulishmoqda, xolos. Eng kulgilisi esa, tibbiyotga investitsiya qilinganida, balki yechimi topilishi mumkin bo‘lgan kasalliklar tufayli minglab insonlar millionlab pullari evaziga o‘z o‘limini sotib olishmoqda va ular bu qarorni erkinlik deb atashadi.

Vaholanki, kimningdir hayotiga nuqta qo‘yish erkinlik emas.

Barno Dusiyarova, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring