Yevroparlament Rossiyani «terrorizm homiysi» deb tan oldi
Yevroparlament Rossiyani «terrorizm homiysi» deb tan oldi. 23-noyabr kuni Strasburgdagi parlament sessiyasida qabul qilingan hujjatda, shuningdek, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq bo‘lgan Rossiyaga qarshi ayblovlardan tashqari ma’lumotlar ham keltirilgan.
Sessiyada yig‘ilgan ovoz berish natijalari:
- qarorni qo‘llab-quvvatlagan deputatlar – 575 nafar;
- qarshilar – 58 nafar;
- betaraflar – 24 nafar.
Euronews nashriga ko‘ra Yevroparlamentning qonunchilikda mustahkamlangan pozitsiyasi ko‘p jihatdan ramziy qadam hisoblanadi. Chunki Yevropa Ittifoqida terroristik deb tan olingan davlatga qarshi keyingi harakatlarni belgilash uchun qonuniy asoslar yetarli emas. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi allaqachon Ukrainadagi urush munosabati bilan Rossiyaga nisbatan keng ko‘lamdagi sanksiyalarni joriy qilgan va bu sanksiyalar doirasi endi faqat kengayadi.
«Biz hozir Yevropa Komissiyasi va Yevropa Ittifoqi Kengashidan maxsus huquqiy hujjatlar ishlab chiqishni so‘raymiz.
Yevroittifoqda, hozircha, aniq oqibatlarga olib keladigan terrorizmning homiylari to‘g‘risidagi hujjatlar yo‘q. Boshqa tomondan, Rossiya bu kabi terror vositalaridan foydalanar ekan, uni yanada chuqurroq izolyasiya qilish kerakligini aytamiz», – deydi Yevroparlament deputati Andrius Kubilius.
Shuningdek, Rossiyaning g‘arbiy qo‘shnilaridan olti nafari – Chexiya, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha va Ukraina avvalroq mamlakatni terrorizm homiysi sifatida tan olgan. Bu maqom Yevropa Kengashi parlament assambleyasi va NATO tomonidan ham tasdiqlangan.
Shunga o‘xshash rezolyusiya 14-sentyabr kuni AQSh Kongressiga ham taqdim etilgan, biroq kongressmenlar tomonidan hali ma’qullanmagan edi.
Yevroparlament rezolyusiyasi ramziy xarakteriga ega bo‘lishiga qaramay, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni terrorizm homiysi sifatida tan olingan davlatga nisbatan jiddiy cheklovchi choralarni qo‘llash imkonini beruvchi qonunchilik bazasini yaratishga chaqiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter