Yevropa siyosatchilari Ukrainaga berilgan raketa zarbalari haqida
Bugun, 10-oktyabr kuni Rossiya Ukraina shaharlariga qarata 75 ta raketa uchirdi. 41 ta raketa urib tushirildi, qolgan 34 tasi manziliga yetib borib maqsadini bajardi: urushga hech qanday aloqasi yo‘q oddiy odamlarning jonini olib, yana qanchalab begunohlarni mayib-majruhga aylantirdi.
Qrim ko‘prigi portlatilishiga berilgan javob edi bu. Aslida ko‘prik portlashi jabrini ham oddiy odamlar ko‘rdi.
Bugungi raketa zarbalaridan so‘ng siyosatchilarning reaksiyasi ko‘p kuttirmadi.
Zelenskiyga birinchilardan bo‘lib qo‘ng‘iroq qilgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga xayrixoh ekanini ta’kidlab, tinch aholi o‘rtasida qurbonlar borligidan tashvishini bildirgan.
Germaniya kansleri Olaf Shols Zelenskiy bilan muloqotda Berlin hamda G7 davlatlari Ukraina tomonida ekanini yana bir bor eslatgan.
Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau raketa zarbalarini «varvarlik va harbiy jinoyat» sifatida ta’riflab: «Rossiya bu urushda yengishi mumkin emas. Biz ortingdamiz, Ukraina!», — dedi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli polshalik hamkasbining fikriga qo‘shilgan holda, Rossiyaning Ukrainadagi fuqarolik ob’yektlariga hujumi hech bir qolipga sig‘masligi, Putinning kuchini emas, aksincha, kuchsizligini ko‘rsatganini aytdi.
Moldova tashqi ishlar vaziri Niku Popeskuning bayonoti hammasidan xavotirli: Rossiya Ukrainaga yo‘llagan qanotli raketalardan bir nechtasi Moldova havo kengliklarini kesib o‘tgan. Moldovadagi Rossiya vakili shu munosabat yuzasidan tushuntirish berishi uchun chaqirildi, dedi Popesku.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter