Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat raisi o‘rinbosari Yevropa parlamenti delegatsiyasi raisi bilan muzokara o‘tkazdi

Senat raisi o‘rinbosari Yevropa parlamenti delegatsiyasi raisi bilan muzokara o‘tkazdi

Foto:«Senat.uz»

12-may kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘iliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi F. Martushello (Italiya) bilan videokonferensiya formatida muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni, shu jumladan ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar sohasidagi munosabatlarni rivojlantirish to‘g‘risida batafsil fikr almashildi.

F.Martushello koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlardan xabardor etildi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston tomoni pandemiyaning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ta’sirini kamaytirish uchun 36 mln. yevro miqdorida moliyaviy yordam taqdim etishga tayyorligi uchun Yevropa Ittifoqiga minnatdorlik bildirdi.

Yevroparlament delegatsiyasi raisi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ko‘rilayotgan qat’iy va samarali chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyatining inqirozga qarshi chora-tadbirlarining samaradorligi keyingi yillarda olib borilgan islohotlar dasturi bilan bog‘liq.

O‘zbekiston chet davlatlarga, shu jumladan Yevropa Ittifoqi a’zosi Vengriyaga koronavirusga qarshi kurashishda gumanitar yordam ko‘rsatganligi alohida qayd etildi.

Yevroparlament deputati shu yil mart oyida Toshkentda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi muzokaralar yakunlariga ijobiy baho berdi. Mazkur muzokaralar davomida tomonlar ushbu keng qamrovli loyihaning ko‘plab muhim masalalarini kelishib olishga muvaffaq bo‘ldilar.

F.Martushello O‘zbekistonning GSP+ preferensial savdo maqomiga ega bo‘lishi mamlakatimizdagi islohotlar siyosati qo‘llab-quvvatlanishini ko‘rsatuvchi muhim qadam bo‘lishiga qo‘shildi. GSP+ maqomi 6 mingdan ziyod nomdagi tovarlarni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkonini beradi.

Shuningdek, muzokaralar chog‘ida “O‘zbekiston-YeI” parlamentlar hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi 15-majlisini Bryussel shahrida o‘tkazish masalalari ham muhokama etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring