Yevropa mamlakatlari ikkinchi to‘lqinni karantinsiz kutib olish umidida (video)
Umummilliy karantinlarsiz koronavirusning ikkinchi to‘lqini oldini qanday olish mumkin? Yuqumli kasalliklar bosh ko‘taradigan kuz fasli bo‘sag‘asida Yevropa mamlakatlari hukumatlarini ana shu savol qiynamoqda, deb yozmoqda «Euronews».
Fransiyaning 20 foiz hududida COVID-19 faol kezib yuribdi. Parijda niqob taqish majburiy. Biroq bolalar 1-sentyabrdan maktablarga qaytadi.
Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks: «Oxirgi bir necha haftadan beri epidemiya avjiga chiqyapti. Biz aralashishimiz, to‘g‘rirog‘i, keng ko‘lamli qarshilik ko‘rsatishni davom ettirishimiz zarur».
Ispaniyada ham maktablar ochiladi. 6 yoshdan katta barchalar niqob taqishga majbur. Mamlakatda yangi kasallanishlar soni o‘sib boryapti.
Germaniyada virus yozda hech qayoqqa ketmagani eslatilib, do‘kon yoki jamoat transportiga ochiq yuz bilan chiqqanlik uchun 50 yevrodan jarimalar qo‘llanilyapti.
«Ijtimoiy masofani saqlash imkonsizligi bois ommaviy tadbirlar o‘tkazishni taqiqlash to‘g‘risidagi iyun oyidagi qarorimizni qayta ko‘rib chiqdik. Endi taqiqlov muddati oktyabrgacha emas, dekabrgacha», — deya bayonot berdi Germaniya kansleri Angela Merkel.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatlarni cheklovlarni bekor qilmaslikka chaqirishdan charchamayapti. Oxirgi oylarda, ekspertlarga ko‘ra, aksariyat mamlakatlar aholisi o‘zlarini o‘ta erkin qo‘yib yuborishdi, masofa saqlash ham tobora unutilib boryapti. Tashkilotga ko‘ra, test natijalari qancha tez olinsa, koronavirus tarqalishi shuncha kamayadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter