Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Isroilga talab qo‘ydi

Yevropa Isroilga talab qo‘ydi

G‘azodagi qochqinlar lageri bombardimondan keyin. 2025 yil 7 may.

Foto: AP

Isroil og‘ir vaziyatda qolayotgan G‘azo sektoriga insonparvarlik ko‘magi yetkazishga to‘sqinlik qilishni to‘xtatishi kerak. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas hamda komissarlar nomidan berilgan bayonotda so‘z boradi.

“Ikki oydan ziyod vaqt mobaynida G‘azo sektoriga insonparvarlik ko‘magi yetib bormadi. Bu sektor duch kelgan eng uzoq muddatli qamaldir va bu jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. 2,2 mln aholi uch oy jon saqlashiga yetadigan tonnalab ko‘mak zaxirasi chegarada kutmoqda. (Isroil tomonidan) blokada bekor qilinishi bilan oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat tezda yaxshilanishi mumkin. Okkupatsiyani amalga oshirgan davlat sifatida Isroil xalqaro huquqqa muvofiq insonparvarlik ko‘magi ehtiyojmand aholiga yetib borishini ta’minlashga majbur”, – deyiladi bayonotda. 

YeI yuqori martabali mulozimlari ta’kidicha, insonparvarlik ko‘magidan qurol sifatida foydalanish xalqaro huquqqa ziddir.

G‘azo sektorida 2023 yil 7 oktyabrdan buyon urush olib borayotgan Isroil joriy yil 2 mart kuni bo‘lgaga insonparvarlik ko‘magi o‘tkazishni yana qayta to‘xtatgan edi. Oqibatda o‘zi shundoq ham og‘ir vaziyatda yashayotgan g‘azoliklar hayoti butkul yomonlashgan. BMTning vakolatli tuzilmalariga ko‘ra, G‘azo sektorida ochlik keng yoyilmoqda.

Binyamin Netanyahu ma’muriyati hududga oziq-ovqat, suv va boshqa birlamchi zaruriy mahsulotlar kirishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Isroil falastinliklarni G‘azo sektoridan chiqarib yuborishning so‘nggi vositasi sifatida qabih usul – ocharchilikdan foydalanmoqchi.

Isroil hukumati, shunigdek, G‘azo sektorini to‘liq bosib olish va Falastin yerida noma’lum muddatda qolish rejasini tasdiqladi. Tel-Aviv bu rejani AQSh prezidenti Donald Trampning kelgusi hafta Yaqin Sharqqa safaridan keyin amalga oshirmoqchi.

Yevropaning olti davlati (Islandiya, Irlandiya, Lyuksemburg, Norvegiya, Sloveniya va Ispaniya) tashqi ishlar vazirlari ham Isroilning G‘azo sektorida harbiy amaliyotni kengaytirish va hududda qolish rejasini qoralab chiqdi.

“Bu yana bir qizil chiziqni kesib o‘tish hisoblanadi va bu qadam yangi taranglikni yuzaga keltiradi va ziddiyatni ikki davlat mavjudligi asosida yechish istiqbolini xavf ostida qoldiradi”, – deyiladi bayonotda.

Yevropa davlatlari harbiy amaliyotning kengaytirilishi G‘azodagi gumanitar bo‘hronni yanada chuqurlashtirishidan xavotir bildirgan.

Tashqi ishlar vazirlari  Isroilga G‘azo sektorida jug‘rofiy yoki hududiy o‘zgarishlar kiritish, aholini majburiy ko‘chirish xalqaro huquqqa zid ekanini ham eslatishgan.

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 52653 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Ularning katta qismi bolalar va ayollardir. 

So‘nggi hujumlarda kamida 59 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring