Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘lim yoqasida – siyosatshunos

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘lim yoqasida – siyosatshunos

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) klinik o‘lim holatida, deb hisoblaydi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

«Klinik o‘lim – hayot va biologik o‘lim o‘rtasidagi holat bo‘lib, organizmda hayotiylik elementlari ko‘rinmaydi, tashqaridan qaraganda yashash uchun mujda mavjud bo‘lmaydi», – deb yozadi siyosatshunos.

Tahlilchi o‘z farazini asoslash uchun iqtisodiy birlashma hududida so‘nggi bir necha oy davomida ro‘y bergan siyosiy «zilzila»larga e’tibor qaratadi.

Yodingizda bo‘lsa, prezident Vladimir Putin bir necha oy muqaddam «Rossiya. Kreml. Putin» nomli hujjatli film uchun bergan intervyusida SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni ham olib chiqib ketganini da’vo qilgan edi. «Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit» qabilida gapirgan V.Putin o‘shanda Qozog‘iston va Ukrainani nazarda tutgani qayd etilgan edi.

K.Rabbimovga ko‘ra, YeOIIda bosh davlat maqomiga ega Rossiya mazkur ittifoq a’zosi Qozog‘istonni ulkan rus yerlarini olib chiqib ketishda ayblar ekan, ikki davlat do‘st va ittifoqchi emas, siyosiy muxolif va potensial dushmanlar ekaniga ishora qildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda Rossiya va Belarus o‘rtasida munosabatlar taranglashgani ham YeOII quyoshining botishidan dalolat bermoqda.  

«Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko saylovoldi dasturiy chiqishida Rossiyaga tegishli «Vagner» harbiy-xususiy kampaniyasi soldatlarini «ataylab Belorussiyada davlat to‘ntarishi, beqarorlik qilish uchun kelgan» degan da’voni alohida urg‘uladi. Bu bilan, YeOII a’zo bo‘lgan Belarus davlati, Rossiyani «terrorist davlat» maqomiga qo‘ydi va ikki taraflama munosabatlarni «do‘stona va birodarlik aloqalari»dan «partnerlik aloqalari»ga tushirdi», – deb yozadi K.Rabbimov.

Siyosatshunosga ko‘ra, YeOIIda bir yil oldingi legitimlik, gravitatsiya va a’zo davlatlar orasidagi konsensus bugun mavjud emas.

«Rossiyaning, Qozog‘iston va Belorussiya bilan o‘tkir ziddiyatlari bo‘laturib, O‘zbekistonni YeOIIga a’zo qilishga qaratilgan bosimlar tizimini parvarishlab borishi – ma’nosiz. Demak, keyingi yillarda O‘zbekistonga shimoldan e’tibor va bosimlar, asosan, ikki tomonlama munosabatlarni parvarishlashga qaratilgan bo‘ladi, lekin ko‘pformatli aloqalarni emas. Bir yil oldin O‘zbekiston elitasi va jamiyatini parokanda qilgan YeOIIga a’zolik masalasi, bugunga kelib, o‘z-o‘zidan ma’nosini, jozibasini va istiqbolini yo‘qotdi», – deb xulosa qiladi siyosatshunos K.Rabbimov.

YeOII Rossiyaning imperiya da’volarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida tashkil etilgan, sobiq SSSRni tiklashga qaratilgan xalqaro loyihasi degan qarash mavjud. So‘nggi paytlarda shu ruhdagi e’tirozlar baralla yangramoqda.

Kreml nazoratidagi rasmiy matbuot YeOIIni bo‘linmas va yakdil birlashma deya tamsil etishga harchand urinmasin, ittifoq ichida ziddiyatlar bisyor. 

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev joriy yil 19-may kuni YeOIIga a’zo mamlakatlar rahbarlarining onlayn-sammitida milliy suverenitet masalasini ko‘tardi.

Xalqaro tuzilmaning 2025-yilga qadar rivojlanish strategiyasi xususida fikr bildirar ekan, prezident To‘qayev YeOII doirasidagi integratsiya a’zo mamlakatlar suverenitetiga daxl qilmasligi lozimligini ta’kidladi. Qozog‘iston rahbariga ko‘ra, integratsiya yo‘lidagi sa’y-harakatlar eng avvalo milliy-huquqiy tizimlar ustuvorligiga tayanishi lozim. Aks holda, bu jarayon milliy hukumat va parlamentlarning suveren huquqlari poymol etilishiga olib keladi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham ko‘pdan beri YeOII doirasidagi noteng munosabatdan yozg‘irib keladi.

«YeOIIdan ko‘p narsa kutayotganim yo‘q. Sergaklikka undovchi holatlar bisyor, ziddiyatlar bir olam va toqat qilib bo‘lmaydigani – YeOII tobora siyosiylashib bormoqda», – degan edi A.Lukashenko jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Qirg‘iziston ham YeOII doirasida joriy etilgan turli cheklovlardan mamnun emas. Mamlakat parlamenti deputatlari orasida ittifoq doirasidagi barcha bitimlar ijrosini to‘xtatib turish tarafdorlari ham talaygina.

YeOIIning yana bir a’zosi Armaniston esa Moskva tomonidan taklif etilayotgan gaz narx-navosidan norozi.

YeOIIning kelajagiga shubha bilan qarayotgan ziyolilar orasida mamlakat parlamenti deputatlari ham bor. Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev a’zo davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy kelishmovchiliklar avj olaayotgan, tuzilma ichidagi vaziyat taranglashayotgan hozirgi sharoitda YeOII MDH kabi ahamiyatsiz tashkilotga aylanib qolishini taxmin qiladi.

Oliy Majlis Senati a’zolari Abdurahim Erkayev va Xurshid Fozilov esa milliy hukumatlarning siyosiy vakolatlari cheklanishidan ogohlantiradi.

«Chuqur integratsiyalashgan iqtisodiy ittifoqlar ertami-kechmi siyosat sohasida ham milliy davlat tuzilmalaridan ustun umumiy me’yorlar chiqaruvchi va amalga oshiruvchi tuzilmalarga ehtiyoj sezadi. Milliy hukumatlarning siyosiy vakolatlari, siyosiy irodasi cheklana boshlaydi. Xususan, iqtisodiy suverenitet o‘ta zaiflashadi», – deb yozadi senatorlar.

Eslatib o‘tamiz, YeOII 2015-yilda Rossiya tomonidan Belarus hamda Qozog‘iston ishtirokida ta’sis etilgan. Ko‘p o‘tmay Armaniston va Qirg‘iziston ham ittifoqqa qo‘shildi va a’zolar soni beshtaga yetdi. O‘zbekiston hamda Moldova ayni paytda kuzatuvchi maqomida.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring