Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi oqibatlari baholandi. Tahlillar qanchalik xolis?

O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi oqibatlari baholandi. Tahlillar qanchalik xolis?

Foto: «Izvestiya»

O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) ehtimoliy a’zo bo‘lishi oqibatlari yana bir karra baholandi. Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) tomonidan tayyorlangan hisobotda asosan ijobiy jihatlarga urg‘u berilgan.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston YeOIIga to‘laqonli qo‘shilgudek bo‘lsa, unga a’zo davlatlardan har yili qo‘shimcha 1-1,5 milliard dollar sarmoya kirishi mumkin. Bank ekspertlari O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarni jalb etish borasida katta imkoniyatlarga ega ekanini qayd etadi.

Qolaversa, YeOIIga a’zolik katta mehnat bozoriga kirish, ko‘p sonli migrantlarni ish bilan ta’minlash imkonini beradi. Bu esa pirovardida mehnat muhojirlarining YaIMdagi ulushini oshiradi. Bank ekspertlarining hisob-kitobiga ko‘ra, YeOIIga a’zo bo‘lgach, O‘zbekistonga kelayotgan pul jo‘natmalari miqdori yiliga o‘rtacha 1,5-2 mlrd dollarga ko‘payadi. Boz ustiga, mehnat migratsiyasi mamlakatdagi ishsizlik bilan bog‘liq tanglikni yumshatishi mumkin, deydi hisobot mualliflari.

Integratsiyalashuv ushbu tuzilmaga a’zo mamlakatlarga O‘zbekistonning eksportini keskin oshirishi ham mumkin. 2020 yilda O‘zbekiston mazkur ittifoq davlatlariga 3 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, a’zolik ortidan bu ko‘rsatkichga yana 1,2 milliard qo‘shilishi taxmin qilinmoqda.

YeOTB mutaxassislari fikricha, ittifoq hududida tovar, xizmat, kapital va mehnat resurslarining erkin harakati jamiyat hayotining barcha sohalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ta’kidlanishicha, YeOIIga a’zolik ortidan mamlakat YaIMning yillik o‘sishi hozirgi 5,5 foizdan 7,2 foizgacha ko‘tarilishi mumkin.

Hisobotda YaIM 57,7 mlrd dollar, aholi soni esa 34,6 mln kishini tashkil etuvchi O‘zbekiston bilan hamkorlik YeOII uchun muhim ekani, Markaziy Osiyoda yirik strategik kuchga ega mazkur mamlakatsiz mintaqa masalalarini hal etish dushvor ekani ta’kidlanadi.

Yevroosiyo taraqqiyot banki hisobotida asosan ijobiy jihatlarga urg‘u berilgani, salbiy jihatlardan esa ko‘z yumilishi tabiiy hol. Gap shundaki, 7 milliard dollarlik ustav kapitaliga ega mazkur bank YeOIIning rasmiy banki sanaladi.

YeOII 2015 yilda Rossiya tomonidan Belarus hamda Qozog‘iston ishtirokida ta’sis etilgan. Ko‘p o‘tmay Armaniston va Qirg‘iston ham ittifoqqa qo‘shildi va a’zolar soni beshtaga yetdi. O‘zbekiston (2020 yil dekabrdan), Moldova va Kuba esa kuzatuvchi maqomida.

YeOIIga a’zolik O‘zbekiston uchun qanchalik manfaatli? Bu masalada ziyolilar ko‘pdan buyon munozara qilib kelmoqda. Bir toifa mazkur xalqaro tuzilmaga kirish O‘zbekiston mehnat migrantlariga qulayliklar yaratishiga urg‘u bermoqda.

Mustaqil tahlilchi Farhod Mirzaboyev ham ittifoqqa a’zolik O‘zbekiston uchun ayni muddao ekanini asoslashga uringan.

Shu bilan birga, YeOII Rossiyaning imperiya da’volarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida tashkil etilgan, sobiq SSSRni tiklashga qaratilgan xalqaro loyihasi degan qarash ham mavjud.

«Haqqoniy mohiyatiga ko‘ra YeOII dunyodan o‘zini ajratib olib, qal’asida qamalga tushgan va bu qamal holatini davlat siyosatiga aylantirgan tuzumning geosiyosiy loyihasidir, Rossiya mamlakati va xalqi bilan do‘stona aloqalarda bo‘lgan holda, uni bu ko‘yga solgan tuzum bilan Ittifoq bo‘lish o‘zini zulmga tutib berishdir», – deb hisoblaydi taniqli jurnalist Karim Bahriyev.

Qolaversa, YeOIIning istiqboliga, ertangi kuniga ishonchsizlik bilan qarovchilar ham talaygina. Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev YeOII xuddi MDH kabi mintaqadagi yana bir ahamiyatsiz tashkilotga aylanishi mumkinligidan ogohlantiradi.

O‘zbekistonning dunyoga integratsiyalashuvini olqishlab kelayotgan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov esa YeOII klinik o‘lim holatida, deb hisoblaydi. «Klinik o‘lim – hayot va biologik o‘lim o‘rtasidagi holat bo‘lib, organizmda hayotiylik elementlari ko‘rinmaydi, tashqaridan qaraganda yashash uchun mujda mavjud bo‘lmaydi», – deydi siyosatshunos.

Keyingi yillarda YeOII «me’mori» sanalgan Rossiya rasmiylari mazkur tuzilmaga kirish borasida O‘zbekistonga goh taklif, goh talabni yodga soluvchi mujdalar yo‘llab kelmoqda.

Xususan, 2019 yilning oktyabr oyida Rossiya parlamenti yuqori palatasi – Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko hali prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashmasdan turib, O‘zbekiston YeOII a’zo bo‘lmoqchi ekani haqida bayonot bergan edi. Bu hol ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p va xo‘b muhokama etilgan, siyosatchiga «to‘ydan oldin nog‘ora chalmaslik» tavsiya etilgan edi.

Rasmiy Moskva O‘zbekistonning xalqaro tuzilmada kuzatuvchi maqomida bo‘lishidan ham qoniqmayotgan ko‘rinadi. Joriy yil 22 iyun kuni hukumat rahbarlari uchrashuvida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin tomonidan YeOIIga a’zolik O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishiga qo‘shimcha imkoniyatlar berishi ta’kidlanishi ana shunday xulosaga undaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yanvar oyida Oliy Majlis Senati majlisida nutq irod qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi maqomida kirishini ta’kidlab, «Kuzatuvchi degani – a’zo degani emas. Tomoshabin degandek. Kuzatuvchi maqomida nima yaxshi, nima yomonligini kuzatamiz», – degan edi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring