Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yetti yil quritilgan yog‘ochdan yasalgan mo‘’jizalar

Yetti yil quritilgan yog‘ochdan yasalgan mo‘’jizalar

50 dan ortiq shogirdni mustaqil hayotga tayyorlagan Abdumalik Madraimov hamon izlanishda.

Foto: Surat maqola muallifi tomonidan taqdim etilgan.

Hunar - tuganmas boylik. Hunarli xor bo‘lmas. Kattalardan eshitgan bu kabi hikmatli so‘zlar ta’sirida ko‘pchiligimizda qaysidir bir hunarga ishtiyoq uyg‘ongan. Harholda, otalarimiz xalq orasidagi yana bir - yigit kishiga qirq hunar oz, degan hikmatga amal qilishib, zamonaviy kasbni egallaguniga qadar o‘g‘illarini mohir bir ustaga shogirdlikka berishi odatga aylangan. Bir so‘z bilan aytganda, hunar o‘rganish – qon-qonimizga singib ketgan qadriyat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni xalq ustalarining boy tajribasi, asrlar davomida xalqimiz aqlu tafakkuri, orzu-intilishlari, o‘y-fikrlarini o‘zida jamlagan milliy hunarmandchiligimiz rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tardi.

Farmonga binoan 2017-yilning 1-dekabridan boshlab hunarmandlar o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliqdan ozod etilgani, ularning safini kundan-kunga orttirmoqda.

Yorqin misol, Farmon qabul qilingan vaqtda Andijon viloyatida 901 nafar hunarmand faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugunga kelib, ular soni 1732 nafarga yetdi.

Qadimiy an’analarni o‘zida mujassamlashtirgan betakror amaliy san’at turlari – kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, milliy cholg‘u asboblarini yasash eng noyob hunarmandchiliklar sirasiga kiradi. Ushbu san’at turlarini yaratish uchun ustadan nozik did, juda katta mahorat talab etiladi. Tabiiyki, bu kabi o‘ta murakkab hunarlarning ustalari sanoqli. Aksariyati katta yoshdagi hunarmandlar, ya’ni pensiya yoshidagilardir. Farmon bilan yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandlar Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ozod etildi.

-Yurtimizda yaratilgan qulay shart-sharoitlardan hamma bahramand. Ayniqca, hunarmandlarning quvonchi cheksiz, -deydi «Tashabbus — 2014» respublika ko‘rik-tanlovining «Eng yaxshi hunarmand» nominatsiyasi g‘olibi Abdumalik Madraimov. - Chunki, soliqdan juda katta imtiyozlar taqdim etildi. Yana, o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, bankdan chet el valyutasini naqd yechib olish huquqi ham berilgani hunarmandlarning bor mahoratlarini namoyon etishlariga zamin yaratishi shubhasiz. Negaki, qo‘lda yuksak did bilan yasalgan mahsulotlarimizga xorijliklar lol qolganining bir necha bor guvohi bo‘lganman.

Darhaqiqat, usta – Abdumalik Madraimov qo‘lida sayqal topgan musiqa asboblari Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Buyuk Britaniyadagi galereyada eng noyob eksponatlar qatoridan o‘rin olgan.

 Yurtimizda tayyorlangan har qanday mahsulot, jumladan, hunarmandchilik asarlari ham o‘zining tabiiyligi, badiiy jihatdan yuksakligi hamda milliyligimizni o‘zida aks ettirgani bilan chet elliklar e’tiborini qozongan. 32 turdagi milliy, 2 xil Yevropa hamda 3 turdagi qo‘shni davlatlarning cholg‘u asboblarini yasayotgan usta Abdumalik Madraimov bu jihatga alohida ahamiyat qaratadi. Musiqa asboblarning xom ashyosi - o‘rik, yong‘oq, zarang, tut, chinor daraxtlarini kamida 7 yil mobaynida salqinda quritadi. Har bir musiqa asbobining dastasiga o‘rik, yong‘oq daraxtini ishlatadi. Ustaning aytishicha, bu daraxtlarning yog‘ochi silliq bo‘lib, ohangning mayinlashishiga xizmat qilish bilan birga sozandaning sog‘ligiga ham hech qanday zarar keltirmas ekan.

50 dan ortiq shogirdni mustaqil hayotga tayyorlagan Abdumalik Madraimov hamon izlanishda. Yaqindagina Qozog‘istoning bir necha shaharlarida bo‘lib, qo‘shni davlat aholisini o‘z hunari bilan maftun etib, ulardan buyurtmalar ham oldi. Usta endi ularning milliy cholg‘u asboblari, milliy idishlari – do‘mbira, qo‘biz hamda yog‘och laganini yasab beradi. Bundan tashqari, o‘zimizning uy-ro‘zg‘orda ishlatadigan qadimiy yog‘och qoshiqlarni ham tayyorlashni niyat qilgan.

32 turdagi milliy, 2 xil Yevropa hamda 3 turdagi qo‘shni davlatlarning cholg‘u asboblarini yasayotgan usta Abdumalik Madraimov bu jihatga alohida ahamiyat qaratadi.

- Joriy yilda soliqdan tejalgan mablag‘larni aynan shunday uskunalarni ishlab chiqaruvchi texnologiyalarga yo‘naltirmoqchiman, - deydi usta Abdumalik aka. – Bunday texnikani bir necha yil avval Xitoyga qilgan safarimda ko‘rgandim. Yana Rossiya o‘rmonlarida o‘sadigan Yel daraxtini ham import qilishni rejalashtirib turibman.

Hunari ortidan dunyo ahlining og‘ziga tushganlar viloyatda ko‘p. Ayniqsa, Andijon temirchilari va Shahrixon pichoqchilarining dovrug‘i okean ortiga ham yetib borgan. Shunga ko‘ra, Andijon shahrida, Shahrixon tumanida hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu markazlar zamonaviy axborot kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanadi. Bu esa milliy hunarmandchilik mahsulotlariga oshufta xorijlik sayyohlar oqimini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Albatta, Farmonda ko‘zda tutilgan maqsad ham shu: hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, u bilan shug‘ullanuvchi oilalarni qo‘llab-quvvatlash, shu asosda yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi daromadini oshirish.

Dilmurod Parpiyev, Andijon viloyat davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik

bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bosh mutaxassisi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring