Estoniyadan nimani o‘rgansak bo‘ladi? (video)
Bugun Toshkent shahridagi INHA universitetida Estoniyaning yetakchi IT ekspertlari ishtirokida «Estoniyaning elektron hukumat raqamli arxitekturasi – modeldan to amalga oshirishgacha» mavzusidagi o‘quv seminariga start berildi.
Joriy yilning 7-9 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan ushbu o‘quv mashg‘uloti yurtimizdagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining AKT hamda axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari uchun mo‘ljallangan.
Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamda Estoniya Elektron boshqaruv akademiyasi (eGA) hamkorligida 2021 yilda imzolangan ikki tomonlama memorandum doirasida tashkil etildi.
Maqsad davlat va xo‘jalik organlaridagi AKT sohasi mutaxassislarining elektron hukumat platformalari hamda aholi va tadbirkorlar uchun joriy etilayotgan raqamli davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan loyihalarni amalga oshirishda Estoniya tajribasini chuqurroq o‘rganishdir.
Seminarning birinchi kunida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Bahrom Ziyayev ham ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida BMTning elektron hukumatni rivojlantirish reytingida dunyo bo‘yicha 3-o‘rinda turgan Estoniya tajribasi bizga nima berishi, jumladan, O‘zbekistonda elektron hukumat arxitekturasini yaratish, davlat sektori va fuqarolik jamiyati tashkilotlariga raqamli transformatsiyaga erishish, axborot xavfsizligini ta’minlashda, shuningdek, elektron hukumat sohasida konsalting, trening, tarmoq, tadqiqot va texnik yechimlarni amalga oshirishda qo‘l kelishi haqida gapirdi.
O‘quv seminari yetakchi IT ekspertlar va mahalliy AKT mutaxassislar o‘rtasidagi qizg‘in savol-javoblar bilan davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter