Eski shaharda «ochiq osmon ostidagi muzey» barpo etiladi. Prezident Olmazor faollari bilan uchrashdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddi rahbarlar ishtirokida Olmazor tumani faollari, nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
– Oxirgi uch yilda Olmazorga to‘rtinchi marta kelyapmiz. Tumanda o‘zgarish bo‘lyaptimi, odamlar manfaat ko‘ryaptimi, nima muammolar bor, degan savollar meni qiynaydi. Bugun natijalarni tahlil qilib, sizlar bilan bamaslahat yangi yo‘nalishlar va rejalarni belgilab olishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Tumanda kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirib, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Uyma-uy yurish orqali Olmazorda 3 ming 23 ta yordamga muhtoj oila borligi aniqlangan. Shundan 568 oila a’zosi ishga joylashtirilib, yordamga muhtojlar toifasidan chiqarildi. Bosh vazir o‘rinbosari qolgan 2 ming 455 oilani yil oxirigacha kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha hisobot berdi.
Joriy yilda qiymati 3 trillion so‘m bo‘lgan 48 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bosh vazir o‘rinbosari to‘liq ishlatilmayotgan 12 ta davlat ob’yekti va ilgari xususiylashtirilib, hozir bo‘sh turgan 97 ta bino va yer maydonlari negizida yangi korxonalarni tashkil etish bo‘yicha loyiha takliflarini taqdimot qildi.
Davlatimiz rahbari yangi loyihalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Toshkent tumanining Olmazorga yaqin hududidan 200 gektar yer ajratib, yangi sanoat zonasi barpo etishni taklif qildi. U yerda tashkil etiladigan korxonalarda kamida 60 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkin bo‘ladi.
«Chorsu bozori», Zarqaynar, Sag‘bon, Sebzor, Qorasaroy, Go‘zalbog‘ va boshqa ko‘cha-mahallalarda, jami 482 gektar maydonda zamonaviy turistik, savdo va dam olish maskani – «ochiq osmon ostidagi muzey» barpo etiladi. Bu yerda hunarmandchilik do‘konlari va rastalari, choyxona va mehmonxonalar, kichik muzeylar tashkil etiladi.
«Agregat» zavodini Chirchiqqa ko‘chirgan holda, uning hududida Olmazor aholisi uchun 12-14-16 qavatli arzon uylar qurish, Toshkent tumanida Olmazorga yaqin hududda 260 gektar yerda 150 ming aholiga mo‘ljallangan yo‘ldosh shaharcha barpo etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Jamoatchilik vakillari tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha fikr va takliflarini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter