«Eshitib, juda xafa bo‘ldim» — Saida Mirziyoyeva
Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa bo‘lganini ma’lum qildi.
«Men o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqish o‘ta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini so‘rab qolaman.
O‘qituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini ta’minlashdir.
Buning o‘zi juda murakkab vazifa. Ta’lim yo‘nalishida shundoq ham muammolar g‘ij-g‘ij bo‘lib turganida, ustiga-ustak o‘qituvchilar gardaniga yana qandaydir qo‘shimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha», — qayd etadi u.
Uning aytishicha, o‘qituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki O‘zbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi.
«Men barcha mas’ul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va o‘qituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini so‘rayman.
Hozir mamlakatimizda ta’lim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz o‘qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman. Zero faqat ta’lim, faqat o‘qituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun ham ustozlarimizni e’zozlashimiz shart!», — deya ta’kidlagan Saida Mirziyoyeva.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonovning ma’lum qilishicha, Xalq ta’limi vazirligi hamda tegishli mutassaddilarga o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalarni inventarizatsiya qilish hamda ularni taqiqlash yuzasidan administratsiya tomonidan tegishli ko‘rsatma berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter