Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

«Eshakxo‘r»larga katta jarima tayinlash kerak...

«Eshakxo‘r»larga katta jarima tayinlash kerak...

25 may kuni Qarshi—Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtomobil Sirdaryo viloyatida to‘xtatildi. Mashina yukxonasidan topilgan 361 kilogramm go‘sht Sirdaryo viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi laboratoriyasida tekshirilganda, bu eshak go‘shti ekani ma’lum bo‘ldi. Hozirda holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Bu kabi xabarlar oxirgi paytlarda kam emas. Ammo masala faqat sanitariya va qonunbuzarlik bilan cheklanmaydi. Buning ortida ekologik muammo, qadriyatlar tanazzuli va mehnatkash jonivorning yo‘qolib ketishi kabi xavflar ham bor.

Mehnati halol, go‘shti harom

Eshak qadimdan odamzodning beminnat ko‘makchisi, muhim transport vositasi vazifasini o‘tagan. Ammo bugun uning soni keskin kamaymoqda.

Oxirgi o‘n yil ichida O‘zbekistonda eshaklar soni bir necha baravarga ozaygan. Ularni boqish kamaygani yetmaganidek, so‘yib go‘shtini yashirin tarzda sotish holatlari ko‘paymoqda. Agar bunday davom etsa, yaqin 10 yillar ichida eshaklar deyarli yo‘qolib ketishi hech gap emas.

Nega eshak go‘shti xavfli?

Avvalo, eshak go‘shti harom. Qolaversa, inson salomatligi uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Chunki bu hayvonlar odatda maxsus veterinar nazoratisiz boqiladi, shunga ko‘ra, ularning go‘shti orqali turli infeksiyalar tarqalishi xavfi yuqori.

Ikkinchidan, eshak go‘shtini boshqa hayvon go‘shti sifatida taqdim etish fuqarolarni aldash, iste’molchilar huquqini buzish va noqonuniy daromad orttirish hisoblanadi. Bu esa jamiyatda ishonchsizlik va salbiy muhitni kuchaytiradi.

Jarimalar yetarlimi?

Ayni paytda O‘zbekiston qonunchiligida eshak so‘yish bilan bog‘liq javobgarlik mavjud, biroq jarimalar unchalik og‘ir emas (avvalroq shunga o‘xshash holatlarda eng kam ish haqining ikki-uch barobari miqdorida arzimas jarimalar qo‘llanilgan). Bu esa «eshakxo‘r»larni tiyib turishga yetarli bo‘lmayapti. Qonunbuzarlar «qo‘lga tushsam ham, arzimas jarima bilan qutilaman» degan fikr bilan harakat qilmoqda.

Agar eshakni so‘yganlik uchun jarima miqdori bir necha yuz baravar oshirilsa, bu kabi holatlar keskin kamayarmidi! Shunda, ham eshak go‘shtining iste’mol bozoriga chiqib ketishining oldi olinadi, ham uning qirilib ketmasligiga xizmat qiladi.

Aslida, haromdan qo‘rqmaydigan insonlarga har qancha jazo ham kam.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring