Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ertangi kuningizga befarq bo‘lmang

Ertangi kuningizga befarq bo‘lmang

Foto: «Integral»

Jahon tajribasi ko‘rsatib turibdiki, rivojlanishning innovatsion modellari va «aqlli» texnologiyalarni keng joriy etayotgan mamlakatlar barqaror o‘sish va ko‘rsatkichlarga ega. Bu mamlakatlar nomini birma-bir sanab o‘tmasak ham, ularni yaxshi bilasiz.

Kelajak vazirliklari

Bunday mamlakatlarning barqaror taraqqiyoti tabiiy resurslarni eksport qilish yoki jismoniy mehnatdan foydalanishga emas, balki innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalarga asoslanadi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu mamlakatlarda innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha davlat strategiyasining ijrosi shartli ravishda «kelajak vazirliklari» deb nomlanuvchi maxsus idoralar tomonidan amalga oshiriladi. Bu idoralarning asosiy vazifasi innovatsiya va fan yutuqlarini barcha tarmoqlarda keng joriy etish hisobiga mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligini ta’minlash hamda iqtisodiyotda intellektual ulushning ko‘payishi hisoblanadi.

Innovatsion va intellektual hissa

2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholi farovonligini tubdan oshirish va turmush sifatini yaxshilash, jamiyat va davlatni har tomonlama hamda jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olingan.

Ya’ni, O‘zbekiston ham ishlab chiqarishda innovatsion va intellektual hissaning yuqori ulushi bo‘lgan barqaror bozor iqtisodiyotiga, zamonaviy va global bozorda raqobatbardosh sanoatga, shuningdek, qulay investitsiyaviy va ishchanlik muhitiga ega jadal rivojlanayotgan mamlakatga aylanishi lozim.

O‘zbekistonni rivojlantirishning yangi modeli

Bu maqsadlarga O‘zbekistonni rivojlanishning innovatsion modeliga to‘liq o‘tkazmasdan erishish mumkin emas. Mamlakat boy intellektual va infratuzilmaviy salohiyatga ega bo‘lishiga qaramay, innovatsiyalarni joriy etish ishlari tizimli asosda yo‘lga qo‘yilmagani kutilgan natijalarga erishishga to‘sqinlik qilmoqda.

Mavjud muammolarni hal qilish, shuningdek, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar, ilmiy yutuqlarni joriy etishni rag‘batlantirishning institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilingan edi.

Farmon bilan strategik rejalashtirish tizimini yaratish, davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini amalga kiritish, fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, investitsiyalarni keng jalb qilish, huquqiy bazani takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ijtimoiy va iqtisodiy hayotning dolzarb sohalariga ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etish kabi mamlakat innovatsion rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Huquqiy asos

Farmonda innovatsiyalarni joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi va «Fan to‘g‘risida»gi qonunlar loyihalarini ishlab chiqish belgilangan edi.

Ushbu qonun loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Innovatsion faoliyat

«Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi qonun loyihasida innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari va qo‘llab-quvvatlash shakllari; innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish; xalqaro hamkorlik, innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish va boshqa muhim qoidalar nazarda tutilgan.

Qonun loyihasida innovatsiyalar sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha organlar hamda ularning vakolatlari, ilmiy va innovatsiyaviy faoliyat sub’yektlari hamda ularning huquq va majburiyatlari bayon etilmoqda. Loyihaning alohida bobi innovatsiyalar va innovatsion faoliyatning moliyalashtirilishi jarayoniga bag‘ishlangan hamda mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi jarayon hisoblangan venchur jamg‘armalar haqidagi tushuncha va jarayonlar bayon qilingan.

Yangi qonunning qabul qilinishi innovatsiyalar va innovatsiyaviy faoliyat sohasida huquqiy maydonni shakllantirish imkonini beradi.

Qonun loyihasi 8 bob, 57 moddadan iborat. Qonun loyihasi muhokamasida barcha faol ishtirok etishi va uning puxta ishlab chiqilishiga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi saytiga joylashtirilgan.

Fan

«Fan to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasida esa ilmiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari va qo‘llab-quvvatlash shakllari, ilmiy g‘oyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining vazifalari va funksiyalari, ularni samarali boshqarish, moliyalashtirish, moddiy-texnika ta’minoti va imtiyozlar, xalqaro hamkorlik va chet el investitsiyalarini jalb etish, ilmiy kadrlarga qo‘yilgan zamonaviy talablar, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasi, fan, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga oid qoidalar nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi 8 bob, 40 moddadan iborat. Ushbu loyiha ham keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, har bir modda hamda ularning mohiyati tahlil qilinmoqda. Ushbu havola orqali siz ham muhokamalarga qo‘shilishingiz mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar bilan shug‘ullanuvchi idoralarga «kelajak vazirliklari» iborasini qo‘llashi bejiz emas. Mamlakat kelajagi, xalqimiz kelajagi aynan shu tizimlarning taraqqiyotiga bevosita aloqador. Demak, ertangi kunimiz «kelajak vazirliklari» faoliyatini huquqiy asoslab beradigan «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi va «Fan to‘g‘risida»gi qonunlarga ham chambarchas bog‘liq. Qonun loyihalarini takomillashtirishda qatnashing, taklif va mulohazalaringizni bildiring, tanishlaringizni ham bu muhokamalarga taklif eting, ertangi kuningizga befarq bo‘lmang.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring