Eron va Latviyadan 200 dan oshiq fuqaro O‘zbekistonga qaytarilib, karantinga olindi
16-mart kuni Namangan xalqaro aeroportiga Erondan va Riga shahridan charter reys bilan uchgan Mudofaa vazirligiga qarashli samolyot va «Uzbekistn Airways» layneri qo‘ndi.
Ularning bortida Eron (37 kishi) va Latviya (175) davlatlaridan olib kelingan jami 200 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.
Maxsus reyslar yo‘lovchilari viloyat hokimligi huzurida tuzilgan shtab, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sanitariya epidemiologiya nazorati markazi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi komissiyalari tomonidan koronavirus tarqalishi profilaktikasiga doir belgilangan chora-tadbirlar asosida kutib olindi.
Dastlab maxsus kiyim-boshlar bilan himoyalangan tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan yo‘lovchilar birma-bir dezinfeksiya qilinib keyin samolyotdan chiqarildi va ular avtobuslarda tibbiy nazorat karantinida saqlash uchun tayyorlab qo‘yilgan tibbiyot muassasalariga jo‘natildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Mo‘minov so‘zlariga ko‘ra, Eron va Rigadan olib kelingan yurtdoshlarimiz To‘raqo‘rg‘on tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Kosonsoy sihatgohlaridagi maxsus tayyorlab qo‘yilgan joylarga yotqizib, 14 kunlik karantin nazoratiga olinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter