Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron Isroilga qarshi «zaxiradagi quroli»ni ishga solishi mumkin

Eron Isroilga qarshi «zaxiradagi quroli»ni ishga solishi mumkin

Eron Isroilning harbiy harakatlariga javoban zaxiradagi chora sifatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishi mumkin. Bu haqda Eron parlamenti deputati, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonligi vakili Ismoil Kavsariy ma’lum qilgan.

«Dushman harakatlariga nisbatan ko‘plab variantlarda javob berish imkonimiz bor. Harbiy harakatlar chora-tadbirlarimizning bir qismi, xolos», — degan  Ismoil Kavsariy.  

Eron mulozimi strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopib qo‘yilishini «eng qat’iy chora» deb atagan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi dunyo bo‘ylab energiya resurslarini yetkazuvchi muhim yo‘l hisoblanadi. Jahon bo‘yicha neftning 20 foizi va tabiiy gazning salmoqli qismi ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadi.

Xavfsizlik bo‘yicha ekspert, fransuz razvedkasining sobiq xodimi Klod Monike «Euronews» telekanaliga bergan intervyusida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopib qo‘yilishini «Yevropa uchun falokat», deb baholagan.

Yevropaga Saudiya Arabistoni, Qatar va BAAdan eksport qilinadigan neft va suyultirilgan gazning asosiy qismi ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Bo‘g‘oz yo‘lining to‘silishi butun dunyo qatori Yevropada energiya manbalarining taqchilligi hamda neft-gaz narxi oshishiga olib keladi. Bu hol dunyo bo‘ylab sanoatning izdan chiqishiga, inflyasiya ko‘rsatkichining oshishiga ham sabab bo‘ladi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali nafaqat «qora oltin» va «moviy yonilg‘i», shuningdek, elektronika va maishiy iste’mol mollari ham eksport qilinadi. Bo‘g‘oz blokadasi, umuman, kemalar qatnovini izdan chiqaradi.   

So‘nggi yillarda AQShning tajovuzi ehtimoli kuchaygan pallalarda Eron bir necha bor Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish bilan tahdid qilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishidan Eron bilan iliq munosabatga ega davlatlar, jumladan, Xitoy ham katta ziyon ko‘radi. Qolaversa, suv yo‘lining yopilishi xalqaro hamjamiyatning Eronga nisbatan salbiy munosabatini orttiradi. Bu omillar rasmiy Tehronni bunday keskin qadamdan qaytarishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring