Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on: «Xalqaro hamjamiyat Falastin oldidagi qarzini bir yo‘l bilan to‘lashi mumkin»

Erdo‘g‘on: «Xalqaro hamjamiyat Falastin oldidagi qarzini bir yo‘l bilan to‘lashi mumkin»

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 1 mart kuni boshlangan Antaliya diplomatik forumida xalqaro siyosat yuzasidan muhim bayonotlar berdi. Avval xabar berganimizdek, siyosatchi Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga urinishlar nima uchun muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga oydinlik kiritgan.

Erdo‘g‘on o‘z chiqishi davomida forum qatnashchilari e’tiborini G‘azodagi vaziyatga qaratgan va uni shunchaki urush emas, balki genotsid ekanini urg‘ulagan. Quyida Turkiya yetakchisi nutqidan ayrim iqtiboslar keltirilmoqda:

«Isroilning tinch aholi punktlarini nishonga olgan holda uyushtirilgan hujumlari natijasida aksari bolalar va ayollardan iborat 30 ming g‘azolik shahid bo‘ldi, 70 mingdan ortiq falastinlik tan jarohati oldi, 2 millionga yaqin odam o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Shu yerda bir narsani aniq ta’kidlamoqchiman, G‘azoda nafaqat bolalar, ayollar va tinch aholi vahshiylarcha o‘ldirildi, balki milliardlab odamlarning xalqaro tuzumga, adolatga va qonunga bo‘lgan ishonchi ham yo‘q qilindi».

«Isroilga kelganda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, vazifasi global tinchlikni ta’minlash bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi, Yevropa Ittifoqining doimiy huquq va qonunlar haqida gapiradigan institutlari, xolislik haqida gapiradigan xalqaro ommaviy axborot vositalari, bir so‘z bilan aytganda, yillar davomida bizga o‘rnak sifatida ko‘rsatilgan va biz ishonishimiz va hurmat qilishimiz kerakligi aytilgan tuzilmalarning naqadar chorasiz va ishga yaramasligini hammamiz birgalikda ko‘rdik».

«G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar, albatta, urush emas, genotsid urinishidir. Chunki urushda ham amal qilish kerak bo‘lgan axloq, odob va qonun bor. Onasining bag‘ridagi go‘daklarni ochlik va tashnalikka mahkum etganlar haqida, shifoxonalar, cherkovlar, masjidlar, maktablar, universitetlar, qochqinlar lagerlari va tez yordam mashinalarini bombalaganlar, xuddi kechagidek oziq-ovqat yordami olish uchun navbatda turgan tinch aholini xiyonat va nomussizlik bilan nishonga olgan vahshiyliklar haqida gapiryapman».

«O‘z oilasi bilan xavfsiz joy qidirayotganda mashinasi Isroil harbiylari tomonidan bombalangan va butun oilasidan ayrilgan 6 yoshli Hind Rajabning fojiali hikoyasi aslida G‘azoda halok bo‘lgan 15 mingga yaqin begunoh bolaning hikoyasidir. Insoniyat 12 kun davomida «Meni olib ketishga kelasizmi, qo‘rqyapman!» degan 6 yoshli qizchaning hayotini saqlab qola olmadi. Afsuski, biz Hind va boshqa g‘azolik bolalar oldidagi mas’uliyatimizni to‘liq bajara olmadik».

«Hujumlarning ilk kunidan beri Turkiya sifatida qilgan sa’y-harakatlarimiz, mintaqaga 37 ming tonnagacha gumanitar yordam jo‘natganimiz, global miqyosda amalga oshirgan barcha diplomatik aloqalarimiz va 900 dan ortiq g‘azolik bemorlar, jumladan, ularning hamrohlarini mamlakatimizga olib kelganimizga qaramay, biz hali ham qalbimizda bunday sharmandalikni qabul qilolmayapmiz».

«Xalqaro sudning Isroilni genotsid qilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi qarori ochiq-oydin bo‘lsa-da, (Binyamin) Netanyahu ma’muriyati o‘zining ishg‘ol, qirg‘inbarot siyosatini kechagidek beparvolik bilan davom ettira olmoqda. Birinchi kundan beri Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagan G‘arb davlatlari «Sen yaxshisan, sendan it yaxshi» degan ikkiyuzlamachi siyosati bilan qon to‘kilishiga sherik bo‘lmoqda».

«Xalqaro hamjamiyat Falastin xalqi oldidagi qarzini faqat Falastin davlati barpo etilishi bilan to‘lashi mumkin. Buning uchun 1967 yil chegaralari asosida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va geografik jihatdan integratsiyalashgan Falastin davlatini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Turkiya mas’uliyatni, jumladan, kafillikni ham o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini bildirdik».

«Urushlar avvalgidan-da qonli va vayronkor bo‘lib bormoqda. Afsuski, mustamlakachilik yangi usullarda davom etmoqda. Biz farovonlik, tinchlik, osoyishtalik va erkinlik asri bo‘ladi deb umid qilganimiz XXI asr inqiroz asriga aylanmoqda».

«Barcha «qoidalarga asoslangan» deb ta’riflaydigan xalqaro tartib o‘z mazmun-mohiyatini yo‘qotib, shunchaki chiroyli shiorga aylanmoqda. Birdamlik, adolat va ishonch kabi birlamchi qadriyatlardan mosuvo hozirgi xalqaro tizim eng minimal vazifalarni ham ado etishga qodir emas. Xalqaro tuzilma va tashkilotlar, xususan, BMT Xavfsizlik kengashi xunrezlik, ko‘z yoshlar va vayronagarchiliklarni to‘xtatish uchun kerakli choralar ko‘ra olmadi».

Prezident Erdo‘g‘on Antaliya forumidagi avvalgi chiqishida ham kurrai zamindagi adolatsizliklar, urush va ziddiyatlarni bartaraf etish uchun yangi xalqaro tartib lozimligini aytgan edi.

Mazkur nufuzli diplomatik mashvaratda O‘zbekiston TIV ham qatnashib keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring