Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Netanyahuni Gitlerga o‘xshatdi

Erdo‘g‘on Netanyahuni Gitlerga o‘xshatdi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning G‘azodagi harakatlari bilan bundan sakson yil avval Germaniya natsistlari boshlig‘i Adolf Gitler sodir etgan xunrezliklar o‘rtasida farq yo‘q. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakat Fanlar akademiyasi va Ilmiy-texnik taqdiqotlar kengashi vakillari bilan uchrashuvda gapirdi.

«Netanyahuning harakatlari Gitlerning harakatlaridan farq qiladimi? Yo‘q. Qaytaga, Netanyahu Gitlerdan badavlatroqdir. U G‘arbdan yordam olmoqda. Amerika har jihatdan dastaklayotir. Shu ko‘mak vositasida ular G‘azoning 20 mingdan ziyod aholisini o‘ldirdi», – dedi Erdo‘g‘on.

Turkiya rahbari bor-yo‘g‘i 360 kvadrat kilometrda yashab kelgan 2,5 million aholi qirg‘inbarot domida qolgani, diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, xunrezlik davom etayotganini afsus bilan qayd etgan.

Keyingi vaqtlarda G‘arb mamlakatlari, xususan, AQShda falastinliklarning xalqaro huquq doirasidagi davlatchiligini himoya qilib chiqqan olimlarga nisbatan siyosiy, moliyaviy bosimlar kuchaymoqda. Hatto nufuzli universitetlarning rahbarlari va professorlari Falastin haq-huquqini himoya qilgani ortidan ishdan bo‘shatilmoqda.

Ushbu masalaga e’tibor qaratgan Erdo‘g‘on haqiqatni aytgani uchun bosimga uchragan olimlar uchun Turkiya universitetlarining eshiklari ochiq ekanini urg‘ulagan.

Siyosiy yetakchiga ko‘ra, demokratiya elchilari deb ta’riflangan xalqaro institutlar, ommaviy axborot vositalari G‘azo masalasida haqiqatni sabot bilan himoya qila olmadi.

«Biz boshqa masalalarda baland ovozda xitob qiladigan va katta-katta mablag‘ sarflaydigan institutlar Isroil va uning xunrezliklari masalasiga kelganda hech kim emasligiga amin bo‘ldik», – dedi Erdo‘g‘on.

Turkiya prezidenti G‘azoda shifoxona, maktab, masjid va turarjoylar bombardimon qilinayotgani, 100 dan ziyod jurnalist o‘ldirilganini qoralagan.

Rasmiy Anqara Tel-Aviv ma’muriyatining G‘azodagi xalqaro huquqqa zid harakatlarini keskin tanqib qilib kelmoqda.

Avvalroq prezident Erdo‘g‘on Falastinda harbiy jinoyatlar sodir etayotgan Isroilni jazolashga harakat qilishi haqida gapirgan edi.

Shuningdek, u G‘azoda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordamining uzluksiz yetkazilishini talab qilgan.

Isroil HAMASning hujumiga javoban 7 oktyabrdan buyon G‘azoda urush olib bormoqda. Bombardimonlar oqibatida 21 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘lgan, 55 mingdan ziyod kishi jarohatlangan.

G‘azo aholisi hayotiga qirg‘in qurollaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli kasalliklar xavf solmoqda.

Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi daxlsiz sanalgan maskanlarga ham hujumlar uyushtirmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidicha, G‘azoda bir qarich ham xavfsiz joy qolmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring