Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on: «G‘azoda na suv bor, na non! Inson huquqlari qayerda qoldi?!»

Erdo‘g‘on: «G‘azoda na suv bor, na non! Inson huquqlari qayerda qoldi?!»

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on AQShning Falastin–Isroil ziddiyatida tutgan pozitsiyasini tanqid qildi. Siyosatchi Turkiya yoshlar jamg‘armasi (TÜGVA) yig‘ilishida dunyo e’tiboridagi muammoga e’tibor qaratgan.

«Amerika kabi davlatga nima ko‘proq yarashadi: tinchlik o‘rnatishga harakat qilishmi yoki olovga moy sepishmi?” – deya savol qo‘ygan u.

Isroil HAMASning hujumiga javoban qamal ostidagi G‘azo mintaqasiga bomba yog‘dirishda davom etmoqda.

«G‘azoda na suv, na non va na boshqa yegulik bor. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga zid-ku! G‘arb qayerda qoldi? Ular qanday chora ko‘rishyapti o‘zi?» – degan Turkiya rahbari.

Siyosatchiga ko‘ra, hatto janglarda ham urush qonunlariga rioya etilishi kerak, ammo Isroil G‘azoga hujumda biror qonun-qoidaga amal qilmayotir.

«G‘azoning 2 million aholisi elektr, suv, oziq-ovqat va yonilg‘idan mahrum etilgani insoniylikka ham, urush qonunlariga ham to‘g‘ri kelmaydi. G‘azodagi qirg‘inni biror asosda oqlab bo‘lmaydi», – degan Erdo‘g‘on.

Turkiya rahbari dunyo hamjamiyatini gumanitar inqirozga yuz tutgan G‘azo taqdiriga befarq bo‘lmaslikka, Isroilni esa guruh emas, balki davlat kabi harakat qilishga chaqirgan.

«Ziddiyat butun mintaqamizga yoyilishini istamaymiz. Biz mintaqada o‘z ovozi va ta’siriga ega barchani kimnidir ko‘r-ko‘rona qo‘llab-quvvatlash o‘rniga keskinlikni kamaytirishga chorlaymiz», – degan u.

Qayd etilishicha, Turkiya Falastin–Isroil ziddiyatida adolat va halollikka tayanadi.

Erdo‘g‘on avvalroq ushbu mojaroni hal qilishda vositachilikni taklif etgan edi.

Siyosiy yetakchi Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish sharti sifatida 1967 yilgi chegaralar doirasida mustaqil Falastin davlatini tashkil etish lozimligini ta’kidlagan.

Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoga bomba yog‘dirishda davom etmoqda. Har ikki tomondan halok bo‘lganlar soni oshib bormoqda.

Jahon matbuoti G‘azodagi barcha shifoxonalar to‘lib ketgani, o‘likxonalarda ham joy qolmagani haqida yozgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring